add

Trampning reytingi eng past darajaga tushdi

Kecha 22:173 daqiqa

Reytingning pasayishiga asosiy sabab uning ma’muriyati tomonidan yuritilayotgan keskin immigratsiya siyosati va federal agentlarning nazoratsiz harakatlari bo‘lgan.

Trampning reytingi eng past darajaga tushdi

Amerikaliklar orasida AQSH Prezidenti Donald Tramp yuritayotgan siyosatni ma’qullash ko‘rsatkichi 38 foizga tushdi. Bu uning 2025 yil yanvarida Oq uyga qaytganidan beri kuzatilgan eng past ko‘rsatkichdir. Bu haqda Reuters agentligi Ipsos bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov natijalariga tayanib xabar bermoqda.

Yanvar oyi o‘rtalarida Trampni qo‘llab-quvvatlash darajasi 41 foizni tashkil etayotgan edi. Reytingning pasayishi ma’muriyatning immigratsiya siyosatidan norozilik kayfiyati kuchaygan davrga to‘g‘ri keldi.

So‘rovnoma xulosalariga ko‘ra, prezidentning ushbu sohadagi harakatlarini amerikaliklarning 39 foizi ma’qullamoqda. Respondentlarning 53 foizi esa bunga qarshi chiqqan. Avvalroq ushbu ko‘rsatkichlar tegishlicha 41 va 50 foizni tashkil qilar edi.

So‘rovda qatnashganlarning qariyb 58 foizi AQSH Immigratsiya va bojxona xizmati (ICE) agentlari choralarni kuchaytirishda haddan oshib ketganini bildirgan. Yana 12 foiz aholi ICE harakatlarini yetarlicha qattiq emas deb hisoblaydi. Yigirma olti foiz respondent esa bu choralarni mutlaqo adekvat deb atagan.

Qonli reydlar va yolg‘onlar

Yanvar oyi boshida Minneapolisda ICE o‘tkazgan reyd davomida xizmat agenti 37 yoshli AQSH fuqarosi Rene Nikol Gudni otib o‘ldirgan edi. Ushbu voqeadan so‘ng shaharda ommaviy norozilik namoyishlari boshlanib ketdi. (https://vaqt.uz/uz?n=18867)

Ma’muriyat vakillari ofitser o‘zini himoya qilish maqsadida qurol ishlatganini da’vo qilishdi. Biroq Minneapolis meri Jeykob Frey bu talqinni «mutlaqo asossiz uydirma» deb atadi va ICE xodimlarini shaharni tark etishga chaqirdi.

24-yanvar kuni Minneapolisda xizmat agentlari yana bir AQSH fuqarosi — 37 yoshli tibbiyot akasi Aleks Jeffri Prettini otib o‘ldirishdi. AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi erkak qurollangan bo‘lganini da’vo qildi.

Keyinchalik e’lon qilingan videoyozuvlar uning qo‘lida qurol emas, telefon bo‘lganligini ko‘rsatdi. U xodimlarga yaqinlashgan va uni yerga yiqitishgan. Shundan so‘ng erkakka qarata kamida o‘n marta o‘q uzilgan.

Bir oy ichida sodir bo‘lgan ikkinchi qotillikdan so‘ng Tramp ma’muriyati ICE harakatlariga nisbatan o‘z ritorikasini o‘zgartirdi. Bu haqda The Wall Street Journal nashri yozmoqda. Prezident Minnesota shtatiga chegara xavfsizligi va noqonuniy muhojirlarni deportatsiya qilish bo‘yicha mas’ul Tom Xomanni yubordi.

Xoman «manzilli yondashuv» tarafdori bo‘lib, bu usul asosiy e’tiborni jinoiy o‘tmishi bor yoki deportatsiya qilish to‘g‘risida yakuniy sud qarori chiqarilgan muhojirlarga qaratishni nazarda tutadi.

Shu bilan birga, qattiqqo‘l siyosat tarafdori bo‘lgan Chegara patruli qo‘mondoni Gregori Bovino shtatdan ketdi. Tramp, shuningdek, mahalliy hokimiyat organlari bilan muzokaralarga tayyor ekanligiga ishora qildi.

U Minnesota gubernatori Tim Uolz va Minneapolis meri Jeykob Freyni noqonuniy muhojirlarni qo‘lga olishda yordam berishni ham o‘z ichiga olgan yanada yaqinroq hamkorlikka chaqirdi.

Siyosiy chekinish va muzokaralar

Prezident ma’muriyatidagi mulozimlarning xabar berishicha, agar Minnesota rasmiylari Oq uy shartlariga rozi bo‘lsa, Tramp ICE agentlarining bir qismini shtatdan olib chiqib ketishga tayyor.

Prezident pozitsiyasining o‘zgarishi respublikachilar tomonidan yangragan tanqidlardan so‘ng yuz berdi. Partiyadoshlari bunday keskin reydlar oraliq saylovlar oldidan Trampga bo‘lgan ijtimoiy ishonchga putur yetkazayotganidan xavotir bildirishgan.

Teglar

Mavzuga oid