
Treyderlar uchun eng yirik tanazzul: Kriptovalyuta bozorida 19 mlrd dollar yo‘qotildi
11.10.2025 | 23:229044
11 oktyabr tongida kriptovalyuta bozori keskin quladi. Bir sutka ichida treyderlar yo‘qotgan mablag‘ hajmi 19 mlrd dollarga yetdi.

Kriptovalyuta bozorida so‘nggi yillardagi eng yirik inqiroz qayd etildi. Coinglass ma’lumotlariga ko‘ra, 11 oktyabr kuni kriptobirjalardagi fyuchers pozitsiyalarining majburiy yopilishi (likvidatsiyasi) natijasida treyderlar jami 19 milliard dollar yo‘qotdi. Bu raqam kriptobozor tarixi uchun mutlaq antirekord bo‘ldi.
Bitcoin (BTC) narxi bir kechada 122 mingdan 102 ming dollargacha tushdi, Ethereum (ETH) esa 4400 dan 3435 dollargacha pasaydi. Ayrim yirik altkoynlar, jumladan Toncoin (TON), o‘z qiymatining 80 foizini yo‘qotdi.
Muttaxassislar ta’kidlashicha, treyderlar bozor o‘sishini kutgan holda kredit yelkasidan foydalangan, ammo narxlar keskin pasayishi natijasida avtomatik yopilishlar zanjiri ishga tushgan. Bu holat bozorni yanada tezroq qulatib, yangi likvidatsiya to‘lqinlarini keltirib chiqardi.
Hozircha oqibatlar to‘liq baholanmagan. Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim kriptofondlar bankrot bo‘lgani haqida mish-mishlar tarqalmoqda, ammo hech qanday rasmiy tasdiq yo‘q. Bir necha kriptobirjalar yuqori yuklama sabab ishda uzilishlar bo‘lganini tasdiqladi va qo‘shimcha izoh berilishini va’da qildi.
Bozordagi keskin o‘zgarish AQSH prezidenti Donald Trampning Xitoy importiga 100 foizlik qo‘shimcha tariflar joriy etilishi haqidagi bayonotidan keyin boshlangan. Bu xabar investorlar orasida xavotirni kuchaytirdi va bozordagi qo‘rquv indeksi keskin oshdi.
Tahlilchilar ta’kidlashicha, hatto 2020 yil pandemiya davridagi qulash, 2022 yildagi Terra (LUNA) inqirozi yoki FTX birjasi bankroti paytida ham likvidatsiyalar bu darajaga yetmagan edi. Ammo hozirgi kunda bozor hajmi va sarmoya miqdori ancha katta bo‘lgani uchun, ta’sir ko‘lami ham shunga mos ravishda oshgan.
Moliya ekspertlari bu hodisani «kriptobozorning real sinovi» deb baholamoqda va sarmoyadorlarga hozirgi sharoitda ehtiyotkorlik bilan harakat qilishni tavsiya etmoqda.





