Tub rostdan yaqinmi? Tom Li «kriptoqish» qachon tugashini aytdi
«Fundstrat» hammuassisi Tom Li kriptovalyuta bozoridagi pasayish yakunlanish arafasida ekanini aytdi. Uningcha, eng kechi bilan 2026-yil apreligacha vaziyat o‘zgaradi.

«Fundstrat» tahlil kompaniyasi rahbari va «BitMine Immersion Technologies» direktorlar kengashi raisi Tom Li kriptobozordagi hozirgi pasayish yakunlanish bosqichida ekanini bildirdi. Uning fikricha, «kriptoqish yo allaqachon tugagan, yoki eng kechi bilan aprelda tugaydi».
Uoll-stritda aniq prognozlari bilan tanilgan tahlilchi kriptobozor yakuniy korreksiya bosqichida ekanini investorlar kayfiyati va texnik indikatorlar tasdiqlayotganini qayd etdi. Uningcha, bozordagi o‘ta salbiy fon odatda past nuqta yaqinlashganidan dalolat beradi.
Tom Li hisob-kitoblariga ko‘ra, bitkoin uchun ehtimoliy past chegara 60 ming dollar atrofida, Ethereum uchun esa 1890 dollar darajasida shakllanishi mumkin. Biroq u qisqa muddatli yana bir pasayish ehtimolini ham istisno qilmadi.
Bitkoinning past nuqtasi
Li bozor dinamikasi va boshqa riskli aktivlar o‘rtasidagi farqni likvidlikning oltinga yo‘nalishi bilan izohladi. Uning ta’kidlashicha, dunyodagi oltin qiymati 40 trln dollarga yetgan va bu S&P 500 indeksi kapitalizatsiyasi bilan deyarli tenglashgan.
Investorlar fiat pul tizimi barqarorligiga oid xavotirlar tufayli oltinga faol o‘tmoqda. Raqamli aktivlar esa hozircha moliyaviy tizimning bir qismi sifatida qabul qilinayotgani uchun bosim ostida qolmoqda.
2026 yil uchun prognoz
Tom Li 2026 yilda riskli aktivlar o‘sishiga ishonch bildirdi. Uning optimizmi AQSHda pul-kredit siyosati yumshashi mumkinligi bilan bog‘liq. Federal zaxira tizimining yangi rahbari Kevin Uorsh «kabutar» pozitsiyani egallashi va stavkalarni pasaytirishga moyil bo‘lishi ehtimoli qayd etildi.
Shuningdek, AQSH iqtisodiyotida uch yillik pasayishdan so‘ng faollik oshgani va inflatsiya pandemiyadan oldingi darajalarga yaqinlashayotgani bozor uchun ijobiy omil sifatida baholandi.

Kriptoolam
Kriptovalyutalarga oid xabar va yangiliklar




