
Tugatilayotgan «Yangi bank» mijozlarni firibgarlardan ogohlantirdi
Bank pasport ma’lumotlari, omonatlar bo‘yicha shartnoma raqamlari va SMS-kodlarni hech kimga bermaslik so‘ramoqda.

Markaziy bank bugun, 15-yanvar kuni «Yangi bank»ning bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olingani haqida ma’lum qildi.
2023 yil may oyida berilgan litsenziya ustav kapitali bo‘yicha talablar bajarilmagani uchun chaqirib olinmoqda. Regulyator talabi 500 mlrd so‘m bo‘lsa, “Yangi bank»ning ustav kapitali 355 mlrd so‘mni tashkil qilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, jami mavjud 32 526 nafar omonatchilarning 32 153 tasiga kafolatlangan omonat summalari to‘liq qaytarib beriladi. Ya’ni 32 153 ta omonatchida «Yangi bank»da 200 mln so‘mgacha puli bo‘lgan.
Qonun bo‘yicha banklarda omonatlarning 200 mln so‘mgacha qismi kafolatlangan, shu sababli ularga omonatlari to‘liq qaytariladi.
Qolgan 373 nafar fuqaro esa «Yangi bank»da 200 mln so‘mdan ko‘proq pul saqlagan. Ularning pullari tugatish komissiyasining qaroriga ko‘ra qonunchilikda belgilangan tartibda qaytarilishi aytilgan.
«Yangi bank» bu vaziyatga rasmiy munosabat bildirdi. «Uch kun ichida mablag‘larni qaytarish va boshqa kreditorlik qarzdorlikni bartaraf etish bo‘yicha arizalarni topshirish tartibi haqida batafsil rasmiy ma’lumot e’lon qilinadi», — deyiladi xabarda.
Bank hozirda firibgarlar mijozlarga shaxsiy xabarlar orqali ommaviy ravishda yozib, «omonatlarni qaytarishda yordam berish»ni taklif qilayotgani, bu mutlaqo yolg‘on ekanini xabar berdi.
Pasport ma’lumotlari, omonatlar bo‘yicha shartnoma raqamlari, SMS-kodlar hamda karta va hisobraqam ma’lumotlarini hech kimga bermaslik so‘ralmoqda.
Omonat mablag‘lari bo‘yicha kompensatsiya to‘lanishi bo‘yicha batafsil ma’lumotni Omonatlarni kafolatlash agentligining +998-55-550-05-00 raqamli ishonch telefoni orqali olish mumkin.





