
Tungi xizmat uchun xodimlarga qo‘shimcha haq belgilandi
Ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlariga tungi xizmatining har soatiga bazaviy hisoblashning 5 foizi miqdorida kompensatsiya to‘lanishi belgilandi.

O‘zbekistonda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha joriy etilayotgan yangi tizim doirasida ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlarining tungi xizmati qo‘shimcha rag‘batlantiriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 27-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan selektor yig‘ilishida ma’lum qildi.
Aholining huquqlarini himoya qilish va ular uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida sudlar, advokatura hamda sud-tibbiy ekspertiza tizimida markazlashgan tungi navbatchilikni tashkil etish bo‘yicha xorijiy tajribani o‘rganish topshirildi. Bu fuqarolar murojaatlarini kechayu kunduz qabul qilish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi.
Formali xodimga qilingan murojaat «102» xizmatiga qo‘ng‘iroq qilinganga teng
Ilg‘or tajriba asosida aholi gavjum joylarda dronlar yordamida patrullik kuzatuvini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu orqali jamoat tartibini buzish holatlarini tezkor aniqlash va oldini olish samaradorligi oshiriladi.
Chilonzor tumani misolida yangi yondashuvlar amaliyotga joriy etiladi. Unga ko‘ra, tuman ichki ishlar xodimlari o‘z sohasi va hududidan qat’i nazar, har qanday fuqaro murojaatini qabul qiladi. Ko‘chada formali xodimga qilingan murojaat avtomatik ravishda «102» xizmatiga qo‘ng‘iroq qilinganga teng hisoblanadi.
Tumandagi barcha 55 ta mahallada profilaktika inspektorlarining xizmat xonalari tezkor aloqa tugmasi bilan jihozlanadi. Inspektor qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, aholi uning xizmat telefoni yoki plansheti orqali tun-u kun bog‘lana oladi.
Tergovga qadar tekshiruv guruhlari tashkil qilinadi
Shuningdek, profilaktika inspektorlari uchun zamonaviy va aholiga ma’qul forma ishlab chiqiladi. Inspektorlar faoliyati to‘liq raqamlashtirilib, «ovozli tushuntirish xati» olish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Tuman ichki ishlar tergov bo‘limlarida esa materiallarni ko‘rib chiquvchi tergovga qadar tekshiruv guruhlari tashkil etiladi.
KPI belgilashda protokollar soni asosiy mezon bo‘lmaydi
Yangi tizimda profilaktika inspektorlariga KPI belgilashda protokollar soni asosiy mezon bo‘lmaydi. Shu bilan birga, «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi qonunni amalda ishlaydigan yangi tahrirda ishlab chiqish hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksni profilaktikaga yo‘naltirilgan holda yangilash muhim ekani ta’kidlandi.





