
Tunu-kun faoliyat ko‘rsatuvchi ko‘chalarda avtomobillar tezligi 20 km/soatgacha cheklanishi mumkin
10.09.2025 | 15:502515
Bu ko‘chalarning uzunligi o‘rtacha 800 metrdan 2000 metrgacha oraliqda bo‘ladi. Shuningdek, Toshkent shahrida 2025 yil oxirigacha milliy karshering platformasi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.

O‘zbekistonda tunu kun faoliyat ko‘rsatadigan ko‘chalar tashkil etilib, ularda avtomobillar tezligi 20 km/h bilan cheklanishi mumkin. Bu tartib «Respublikada tungi iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori loyihasida nazarda tutilgan.
Bunday ko‘chalar viloyat va tuman markazlarida, aholisi 50 mingdan ortiq shaharlarda, shuningdek, turistlar va aholi ko‘p to‘planadigan hududlarda tashkil etiladi. Ko‘chalarning uzunligi o‘rtacha 800 metrdan 2000 metrgacha bo‘lishi belgilangan.
Loyihaga ko‘ra, tadbirkorlik sub’ektlari uchun juma, shanba va yakshanba kunlari soat 6:00 dan 6:00 gacha noodatiy, har kuni esa 9:00 dan 3:00 gacha kengaytirilgan ish vaqti joriy etiladi. Bunday hududlarda savdo va xizmat ko‘rsatish uchun zarur infratuzilma shakllantiriladi.
Tunu kun ishlaydigan ko‘chalarda tadbirkorlarga tutash yer maydonlarini elektron auksion orqali ijaraga olib, yengil konstruksiyali qurilmalar o‘rnatish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, favqulodda xizmatlar uchun maxsus joylar, xavfsizlik tugmalari, bank-moliya xizmatlari va vay-fay tarmoqlari yo‘lga qo‘yiladi.
Tashrif buyuruvchilar uchun avtoturargohlar, jumladan ko‘p qavatli parkinglar talab qilinadi. Madaniy va sport ob’ektlari — muzeylar, kinoteatrlar, fitnes va kibersport klublarining ish vaqti uzaytiriladi. Shu bilan birga, tozalik va jamoat xizmati yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.
2025 yil oxirigacha esa milliy karshering platformasi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda. Pilot loyiha poytaxtning sayyohlar ko‘p tashrif buyuradigan uch tumanida — Mirabod, Yunusobod va Yakkasaroyda amalga oshiriladi. Loyihaning asosiy maqsadi — shaharda aholi va mehmonlar uchun qulay transport xizmatlarini kengaytirish hamda mobillikni oshirishdir.
Platformani yaratish va uni ishga tushirish vazifasi Toshkent shahar hokimligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi zimmasiga yuklatilgan. Shu orqali aholiga qisqa muddatli avtomobil ijarasi imkoniyati taqdim etiladi.
Shuningdek, poytaxt hokimligiga davlat-xususiy sheriklik asosida avtomatik veloshering tizimini ishlab chiqish va sinov tarzida amalga oshirish topshirildi. Bu tashabbus shaharda ekologik sof va qulay transport turlarini rivojlantirishga qaratilgan.
Yangi loyihalar yo‘lga qo‘yilsa, shahar aholisi va mehmonlari uchun transport infratuzilmasi yanada diversifikatsiya qilinib, iqtisodiy va turizm sohasida ijobiy natijalarga erishish kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq tunu-kun ishlovchi ko‘chalarda reklama va yoritishga elektr narxlari ikki baravarga kamaytirilishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.





