
Turkiya Rossiya bilan 100 mlrd dollarlik tovar aylanmasiga erishishi uchun tinchlik kerak
16.05.2025 | 21:4512582
Turkiya tashqi iqtisodiy aloqalar kengashi (DEİK) huzuridagi Turkiya-Rossiya ishbilarmonlar kengashi raisi Izzet Ekmekchibashi Rossiya va Ukraina o‘rtasida Istanbulda olib borilayotgan muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlansa, Turkiya va Rossiya o‘rtasidagi tovar aylanmasi 2 yil ichida 100 mlrd dollarga yetishi mumkinligini bildirdi.

Bu haqda u Qozonda o‘tkazilayotgan «Rossiya – Islom olami: KazanForum 2025» xalqaro forumi doirasida ma’lum qildi. Forumda Turkiya DEİK delegatsiyasi va xususiy sektor vakillari bilan ishtirok etmoqda.
Ekmekchibashining so‘zlariga ko‘ra Turkiya va Rossiya o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2024 yil oxirida 53 mlrd dollarga yetgan. U Rossiyaning neft kimyosi va neftni qayta ishlash sohalarida faol ekanligini, turk kompaniyalari esa avtomobilsozlik va boshqa sohalarga qiziqish bildirishini ta’kidladi.
U, shuningdek, DEİK tarkibida 150 dan ortiq ishbilarmonlar kengashi faoliyat yuritayotganini va bu tashkilot mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashda muhim rol o‘ynayotganini qo‘shimcha qildi.





