add

«Turkiyada deportatsiya bekor qilingani yo‘q!» — Migratsiya agentligi

31.01.2026 | 17:502 daqiqa

Migratsiya agentligi «Turkiyada o‘zbekistonliklar deportatsiya qilinmaydi» degan xabarlar noto‘g‘ri talqin qilinayotganini ma’lum qildi.

«Turkiyada deportatsiya bekor qilingani yo‘q!» — Migratsiya agentligi

Ijtimoiy tarmoqlar va ayrim axborot manbalarda «Turkiyada o‘zbekistonliklar deportatsiya qilinmaydi» mazmunidagi xabarlar tarqalishi ortidan Migratsiya agentligi rasmiy munosabat bildirdi. Agentlik bu kabi talqinlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini, gap deportatsiyani to‘liq bekor qilish haqida emasligini ta’kidladi.

Rasmiy izohga ko‘ra, Turkiyada o‘tkazilgan so‘nggi muzokaralar noqonuniy maqomda yurgan fuqarolarni umumiy amnistiya asosida qoldirish emas, balki faqat belgilangan qonuniy mexanizmlar doirasida legallashtirish imkoniyatlarini muhokama qilishga qaratilgan. Amaldagi qonunchilikni buzish yoki noqonuniy maqomda bo‘lish holatlarida javobgarlik saqlanib qoladi.

Agentlik ayrim manbalar muzokaralar mazmunini noto‘g‘ri talqin qilib, jamoatchilikni chalg‘itayotganini qayd etdi. Shu munosabat bilan agentlik fuqarolarni rasmiy axborotlarga tayanishga va ijtimoiy tarmoqlardagi asossiz xulosalarga ishonmaslikka chaqirdi.

Shu bilan birga, Turkiyada noqonuniy maqomda bo‘lib turgan ayrim o‘zbekistonliklar uchun muayyan imkoniyatlar mavjudligi aytildi. Xususan, ular Turkiyaning migratsiya organlariga yoki O‘zbekiston Migratsiya agentligining ushbu davlatdagi vakolatxonasiga murojaat qilgan taqdirda, belgilangan tartibda deportatsiyasiz legallashtirish masalasi ko‘rib chiqilishi mumkin. Biroq bu tartib avtomatik ravishda qo‘llanilmaydi.

Agentlik ta’kidlashicha, noqonuniy ishlagan shaxs O‘zbekistonga qaytishi paytida deportatsiya choralari qo‘llanilmasligi kafolatlanmaydi. Har qanday davlatda fuqarolarning huquq va xavfsizligi faqat qonuniy maqom hamda migratsiya qonunchiligiga rioya etilgandagina ta’minlanadi.

Teglar

Mavzuga oid