
Turkiyada yong‘in to‘xtamayapti: Chanoqqal’a bo‘g‘ozi yopildi
Turkiyaning Chanoqqal’a bo‘g‘ozi orqali kemalar o‘tishi viloyatdagi o‘rmon yong‘ini tufayli to‘xtatildi. Bu haqda Chanoqqal’a voliysi O‘mer To‘raman X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

Ilgari ham Turkiya hukumati kuchli yong‘inlar sababli bo‘g‘oz orqali kemalar harakatini to‘xtatgan edi. Yong‘inni 7 ta samolyot, 6 ta vertolyot va 455 nafar odam o‘chirmoqda. Chanoqqal’a gubernatori X tarmog‘ida xabar berishicha, shifokorlar is gazidan zaharlangan 14 nafar fuqaroga yordam ko‘rsatgan.
Yong‘in shahar atrofidagi o‘rmonlar va dalalarga tarqalgani sababli, hokimiyat yettita qishloq aholisini — jami 770 kishini ko‘chirdi. Yong‘inlar oqibatida jami 98 kishi jarohat olgan, ulardan ikki nafari hamon shifoxonada davolanmoqda, qolganlari esa dastlabki tibbiy yordam olgach, uylariga jo‘natilgan.





