Logo

«U mamlakatni qanday parchalashni o‘ylab topdi» — Ukraina mudofaa vaziri bosh qo‘mondonni ayblab, ishdan ketdi

Kecha 22:154 daqiqa

Mudofaa vaziri Mixail Fedorov va armiya bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy o‘rtasidagi kelishmovchilik Fedorovning lavozimini tark etishi bilan yakunlandi. Atigi yarim yil ishlagan vazirning ketishi nafaqat Ukraina shaharlarida norozilik chiqishlarini keltirib chiqardi, balki G‘arb hamkorlarining jiddiy xavotiriga va Rossiya siyosiy-harbiy doiralarining mamnuniyatiga sabab bo‘ldi.

«U mamlakatni qanday parchalashni o‘ylab topdi» — Ukraina mudofaa vaziri bosh qo‘mondonni ayblab, ishdan ketdi

Ukraina mudofaa vaziri Mixail Fedorov Qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy bilan kelib chiqqan ziddiyat sababli o‘z lavozimini tark etdi. Ushbu qaror ortidan Ukrainaning ko‘plab shaharlarida norozilik namoyishlari boshlandi, G‘arb hamkorlari esa hayratda ekanini bildirdi. Bu haqda bugun, 16-iyul kuni «Meduza» xabar bermoqda.

Vazirning iste’fosi hali Oliy Rada tomonidan tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, Fedorovning o‘zi matbuot anjumanida bu ma’lumotni tasdiqlagan. U mazkur lavozimda atigi yarim yil – 2026 yilning yanvaridan beri ishlab kelayotgan edi.

Ziddiyatning asl sabablari: Tomonlar nima deydi?

Mixail Fedorovning so‘zlariga ko‘ra, u Mudofaa vazirligiga kelganida armiyada hech kim hech narsaga javob bermasligini, qo‘mondonlar doimiy ravishda almashtirilayotganini va yirik loyihalar bloklanayotganini ko‘rgan. Ushbu muammolarni hal qilish maqsadida u bosh qo‘mondon Aleksandr Sirskiy va Bosh shtab boshlig‘i Andrey Gnatovni ishdan bo‘shatishni taklif qilgan.

«Prezident Sirskiyni ishdan bo‘shatishni rejalashtirmayotganini aytganida, men u bilan ishlashga o‘rganishimni bildirdim. Ammo Sirskiy muammolar haqida gaplashishga tayyor emas edi. U intrigalar to‘qib, «yoki men, yoki u» qabilida ultimatum qo‘ydi. U Rossiyani qanday yengishni o‘ylash o‘rniga, mamlakatni qanday parchalashni o‘ylab topdi», — deya ta’kidladi Fedorov.



Shuningdek, u 2019 yildan beri prezident jamoasida bo‘lganini, birinchi hukumatning so‘nggi vaziri ekanini va Zelenskiyning maslahatchisi bo‘lish taklifini rad etganini qo‘shimcha qildi.
O‘z navbatida, Ukraina prezidenti Voladimir Zelenskiy ushbu vaziyatga munosabat bildirib, urush vaqtida bunday tanlov qilishga majbur bo‘lmasligi kerakligini, biroq tomonlar o‘zaro murosaga kela olmaganini ma’lum qildi.

«Men juda ham birdamlikni xohlardim. Tomonlar buni topa olishmadi... Ular mensiz muzokaralar stoliga o‘tirishmayapti. Shuning uchun men hal qilishimga to‘g‘ri keladi. Fedorov mening jamoamda qolishiga ishonchim komil, ammo uning aniq roli haqida keyinroq e’lon qilinadi», — dedi prezident.



Bosh qo‘mondon Aleksandr Sirskiy esa Fedorovga Mudofaa vaziri lavozimidagi ishi uchun minnatdorlik bildirib, unga Ukraina jamoasida qolishni tilagan. Sirskiy hozirda diqqatni urushga va aniq natijalar ko‘rsatayotgan samarali strategiyaga qaratish lozimligini ta’kidladi.

Ichki noroziliklar va xalqaro munosabat

Fedorovning ketishi haqidagi xabarlar Ukraina jamoatchiligida keskin reaksiyani keltirib chiqardi. Kiyevdagi Ivan Franko maydonida, shuningdek, Ivano-Frankovsk, Vinnitsa, Lutsk, Xmelnitskiy, Lvov, Ujgorod, Dnepr, Ternopol va Odessa shaharlarida odamlar «Fedorovni qaytaring!», «Sharmanda!», «Sirskiy iste’foga!» shiorlari bilan ko‘chalarga chiqdi. Zelenskiy namoyishlarga munosabat bildirarkan, odamlar demokratik davlatda o‘z xohish-irodasini erkin bildirish huquqiga ega ekanini aytdi.

Shu bilan bir qatorda, qator muhim kadrlar ham iste’foga chiqishini e’lon qildi:

— Harbiy havo kuchlari qo‘mondoni o‘rinbosari Pavel Yelizarov buni «mamlakat mudofaa salohiyati uchun katta yovuzlik» deb atab, xizmatdan ketish haqida raport yozdi.

— Mudofaa vaziri maslahatchilari Sergey Beskrestnov (Flesh) va Sergey Sternenko ham o‘z lavozimlarini tark etishdi. Sternenko Fedorovni «tarixdagi eng yaxshi mudofaa vaziri» deb atadi.

— «United24» davlat fandrayzing platformasi xodimlari norozilik aksiyalariga qo‘shilgani sababli o‘z ishini vaqtincha to‘xtatdi.

G‘arb hayratda, Rossiya esa mamnun

Yevropa Ittifoqining mudofaa va koinot bo‘yicha komissari Andryus Kubilyus bu voqea kutilmagan holat bo‘lganini va Fedorov bilan juda yaqin hamkorlik qilinganini ta’kidladi. Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius va bundestag deputati Robin Vagener ham Fedorovning innovatsion yondashuvi va Qurolli kuchlarni modernizatsiya qilishdagi xizmatlarini yuqori baholab, uning iste’fosi tushunarsiz ekanini bildirishdi.

Rossiya tomonida esa vaziyat boshqacha qabul qilinmoqda. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov kim mudofaa vaziri bo‘lishining ahamiyati yo‘qligini, asosiysi tinchlik yo‘liga o‘tish uchun mas’uliyatni o‘z bo‘yniga oladigan shaxs kerakligini aytdi. Biroq, Rossiyaning Z-blogerlari va harbiy tahlilchilari Fedorovning ketishini ochiqchasiga nishonlamoqda. «Filolog v zasade», «Voyennыy Osvedomitel» kabi kanallar va Davlat Dumasi deputati Andrey Kolesnik Fedorovning qisqa vaqt ichida korrupsion sxemalarni buzganini, dronlar qo‘llanilishini kengaytirganini, sun’iy intellektni joriy qilganini va Rossiyaning Starlink terminallarini uzib qo‘yganligini ta’kidlab, uning ketishi Rossiya uchun juda ijobiy xabar ekanini yozishmoqda. Siyosiy fanlar doktori Dmitriy

Sibakovning fikricha, Zelenskiy Fedorovning kuchayib ketishidan va unda prezidentlik ambitsiyalari paydo bo‘lishidan xavfsirab (2022-2023 yillardagi Zalujniy bilan bo‘lgan holat kabi), siyosiy maqsadga muvofiqlikni harbiy zaruratdan ustun qo‘ygan.

Teglar

Mavzuga oid