
Ukraina dronlar hujumi uchun ideal vaqtni tanlagan — The Telegraph
03.06.2025 | 08:0045974
1 iyun kuni Ukraina tomonidan Rossiya aerodromlariga qilingan yopirilma dron hujumi Rossiya rahbariyatini va AQSH prezidenti Donald Trampni noqulay vaziyatga soldi, deb yozadi nashr.

The Telegraph nashrining 2 iyun kuni e’lon qilingan tahliliy maqolasida Ukraina tomonidan Rossiya aerodromlariga qilingan bespretsedent hujum «Pautina» («O‘rgimchak to‘ri») amaliyoti deb atalgani va uning strategik aviatsiyaga jiddiy zarar yetkazgani qayd etilgan.
Mualliflarning ta’kidlashicha, hujum payti Istanbulda Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik muzokaralari o‘tkazilishi kutilgan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Rossiya esa bu muzokaralarga qaramay, otashkesimga qiziqish bildirmayotganini aniq ko‘rsatib kelmoqda.
Maqolada yozilishicha, AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putinning urushni to‘xtatishdan bosh tortayotganidan norozi. Biroq u Ukrainaga harbiy yordam masalasida hali ham aniq bayonot bermayotgani tanqid ostiga olingan. Ukraina esa AQSHning harbiy-sanoat salohiyatidan kutilgan uch muhim yordamga — raketaga qarshi mudofaa, GMLRS reaktiv artilleriyasi va gaubitsalar uchun snaryadlarga juda muhtoj.
Nashrning ta’kidlashicha, Ukraina hozirda Rossiya hududlariga zarba berish orqali o‘z sanksiyalarini amalga oshirmoqda. Bu nafaqat dushmanning bombardimon samolyotlariga katta ziyon yetkazdi, balki Ukraina uchun muhim ruhiy ko‘tarinkilikni ham ta’minladi.
The Telegraph bu operatsiya Ukraina qo‘shinlarining hanuz kurash olib borayotganini ko‘rsatishini, shuningdek, urush qiyin pallaga kirgan bir paytda Kiyevning Rossiya hududiga tajovuzkor zarba bera olishi ukrainparast respublikachilarni ham ruhlantirishi mumkinligini qayd etadi.
Maqolada ukrain dronlari orqali Rossiyaga yetkazilgan iqtisodiy zarar 7 milliard dollarga yetishi mumkinligi qayd etilgan. Ukraina muhandislik va IT sohasidagi salohiyatini urush sharoitida samarali ishga solib, zamonaviy qurollar ishlab chiqarish orqali XXI asr urushlarining qoidalarini qayta yozmoqda.





