
Ukraina Tramp uchun «yangi Afg‘oniston»ga aylanishi mumkin — Bloomberg
26.05.2025 | 09:0016303
Agar Donald Tramp AQSH prezidenti sifatida Ukrainaga yordamni to‘xtatsa, bu strategik yutqizish va shaxsiy obro‘sining yo‘qotilishiga olib kelishi mumkin. Bloomberg tahlilchilari ushbu ehtimolni Afg‘onistondagi AQSH mag‘lubiyati bilan taqqoslamoqda.

Bloomberg tahlilchilari fikricha, Donald Tramp Ukrainaga yordam berishni rad etgan taqdirda, bu qaror uning siyosiy faoliyatidagi jiddiy xato bo‘ladi. Ukraina Rossiyaga mag‘lub bo‘lib, AQSH yordami tugashi sababli taslim bo‘lsa, Tramp uchun bu holat «yangi Afg‘oniston» kabi strategik mag‘lubiyat ramziga aylanadi.
AQSHning Ukrainadan yuz o‘girishi butun dunyo oldida mamlakatning nufuziga zarba beradi. Bunday ssenariyda, AQSHning xalqaro ittifoqchilari uning ishonchli hamkor sifatida qolishiga shubha bilan qarashi mumkin. Ayrim respublikachilar ham yordamni to‘liq to‘xtatish butun dunyo bo‘ylab xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini tushunib turishini ta’kidlashgan.
Tahlilda qayd etilishicha, Tramp bu qarorning oqibatlarini anglab turibdi. Uning G‘arb siyosatchilari bilan yaqin munosabatlarda bo‘lgan manbalar Bloomberg’ga ma’lum qilishicha, «agar Ukrainaga xiyonat qilinsa va Rossiya uni to‘liq egallasa, bu uning shaxsiy mag‘lubiyati bo‘lishini ham u yaxshigina tushunib turibdi».
Eslatib o‘tamiz, Tramp Ukrainadagi mojaroni Yevropa masalasi deb atagan va AQSH unga aralashmasligi lozimligini bildirgan. U shuningdek, «qizil chiziq» haqida gapirib, bu chegara buzilsa, Vashington muzokaralardan chiqishini aytgan.





