Logo

Ukraina Wildberries'ning yana uchta omboriga zarba berdi

Kecha 10:472 daqiqa

Ukraina dronlari Wildberries'ning Sankt-Peterburg, Leningrad viloyati va Simferopoldagi logistika obektlariga hujum qildi. Bu bir hafta ichida kompaniya omborlariga uyushtirilgan to‘rtinchi zarba bo‘ldi.

Ukraina Wildberries'ning yana uchta omboriga zarba berdi

Ukraina 24-iyulga o‘tar kechasi Rossiyadagi Wildberries marketpleysiga tegishli yana bir nechta logistika markazlarini dronlar bilan nishonga oldi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Sankt-Peterburgning Shushari tumani hamda Leningrad viloyatidagi «Utkina zavod» sanoat zonasida joylashgan omborlar faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.

Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov Ukraina dronlari Moskva shossesi atrofidagi fuqarolik infratuzilmasiga hujum qilganini ma’lum qildi. U qaysi obyektlar zarar ko‘rganiga aniqlik kiritmagan. Biroq Wildberries'ning Shusharidagi logistika markazi ham aynan shu hududda joylashgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu hududda jabrlanganlar qayd etilmagan. Leningrad viloyati gubernatori Aleksandr Drozdenko esa Novosaratovka qishlog‘idagi Wildberries omboriga dron kelib urilganini tasdiqladi. Uning ma’lum qilishicha, hujum oqibatida uch kishi jarohat olgan.

Yong‘inlar qayd etildi

«Astra» nashri guvohlar tarqatgan foto va videolarga tayanib, «Utkina zavod» sanoat zonasida kamida uchta binoda yong‘in chiqqanini xabar qildi. Ulardan biri Wildberries ombori bo‘lsa, yana birida «Petrovich» kompaniyasining taqsimlash markazi joylashgan.

Shu bilan birga, kompaniya anneksiya qilingan Qrimdagi Simferopol saralash markazidan xavfsizlik maqsadida xodimlar evakuatsiya qilinganini ma’lum qildi. Ukrainaning «Exilenova+» monitoring kanali esa mazkur obyektda kuchli yong‘in chiqqanini aks ettiruvchi videolarni e’lon qildi.

Ayrim telegram-kanallar Tver shahridagi Wildberries ombori ham dronlar hujumiga uchraganini yozdi. Biroq mahalliy hokimiyat va kompaniya bu ma’lumotni hozircha rasman tasdiqlamagan.

Zarar oshib bormoqda

Ukraina harbiylari so‘nggi bir hafta davomida to‘rtinchi marta Wildberries logistika obyektlarini nishonga olmoqda. Avvalroq Moskva, Tambov, Voronej viloyatlari hamda Krasnodar va Stavropol o‘lkalarida joylashgan jami oltita ombor ham hujumga uchragan edi.

Bu hujumlar natijasida kompaniyaga yetkazilgan zarar bir necha o‘n milliard rublga baholanmoqda. Omborlarda mahsulotlari yonib ketgan sotuvchilarning umumiy zarari esa 200 milliard rubldan ortishi mumkin. Wildberries tadbirkorlarga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha choralar ko‘rilishini ma’lum qilgan.

Teglar

Mavzuga oid