Ukrainada 15-maygacha saylov va tinchlik bitimi bo‘yicha referendum o‘tishi mumkin

Vashington Kiyevdan prezident saylovlari va ehtimoliy tinchlik kelishuvi bo‘yicha referendumni 15-maygacha o‘tkazishni talab qilgani aytilamoqda.

Ukrainada 15-maygacha saylov va tinchlik bitimi bo‘yicha referendum o‘tishi mumkin

«Financial Times» manbalariga ko‘ra, AQSH Ukrainadan Rossiya bilan har qanday tinchlik kelishuvi yuzasidan referendumni prezident saylovlari bilan bir vaqtda, 15-maygacha o‘tkazishni so‘ragan. Agar ovoz berish belgilangan muddatda o‘tkazilmasa, Kiyev Vashington taklif etgan xavfsizlik kafolatlaridan mahrum bo‘lishi mumkin.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina hukumati ovoz berish jarayoniga tayyorgarlikni boshlagan. G‘arb va ukrain rasmiylari bu qaror «Oq uyning kuchli bosimi» ortidan qabul qilinganini ta’kidlagan. Vashington bahorga qadar Rossiya–Ukraina muzokaralarini yakunlashni istamoqda.

FT xabariga ko‘ra, Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy 24-fevral kuni, harbiy harakatlar boshlanganining to‘rtinchi yilligida, saylov va referendum o‘tkazilishini e’lon qilishi mumkin.

Siyosiy bosim va muddat

Manbalarning aytishicha, Kiyev Amerika ma’muriyatiga «juda qisqa muddatlar»ga tayyor ekanini bildirgan. Bu urush sharoitida saylov o‘tkazish bilan bog‘liq logistik muammolarga qaramasdan amalga oshirilishi mumkinligi qayd etilgan.

«Ukrainaliklarda bu jarayon Zelenskiyning qayta saylanishi bilan bog‘liq bo‘lishi kerak, degan qat’iy tushuncha shakllangan», degan o‘z nomini oshkor etmagan g‘arb amaldorlaridan biri.

Ukrainada so‘nggi prezident saylovlari 2019 yilda o‘tkazilgan. Navbatdagi ovoz berish 2024 yil mart oyida bo‘lishi kerak edi, ammo amaldagi harbiy holat sababli noma’lum muddatga qoldirilgan.

2025 yil dekabr oyida Volodimir Zelenskiy AQSH va Yevropa xavfsizlikni ta’minlasa, 60–90 kun ichida saylov o‘tkazishga tayyor ekanini bildirgan edi.

Saylovlar va referendumni qisqa muddatda tashkil etish nafaqat siyosiy, balki texnik va xavfsizlik jihatidan ham katta chaqiriq bo‘lishi mumkin. Bu qaror Ukraina ichki siyosiy jarayonlari va xalqaro muzokaralarga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid