
Ukrainada ayollarni armiyaga ommaviy chaqirish muhokama qilinmoqda
11.06.2025 | 10:3016663
Germaniyaning Berliner Zeitung nashriga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlaridagi katta yo‘qotishlar va odam yetishmasligi sharoitida Kiyevda ayollar mobilizatsiyasi haqida qaror qabul qilinishi mumkin. Ayni paytda frontda xizmat qiluvchilar soni yetarli emas, chunki joriy mobilizatsiya natijalari kutilgan darajada emas.

Nashr ta’kidlashicha, jang maydonlaridagi yo‘qotishlardan tashqari armiya ichida dezertirlik holatlari ham oshib borayotgani jiddiy muammoga aylangan. Ba’zi mobilizatsiya qilinganlar frontga yetib bormay yo‘lda qochib ketishmoqda, ba’zilari esa ilk to‘qnashuvdan so‘ng lavozimini tashlab ketmoqda. Bu esa Rossiya armiyasining faol harakatlariga imkoniyat yaratayotgani qayd etilgan.
Shu sharoitda Ukrainada ayollarni nafaqat orqa xizmat, balki shturm bo‘linmalariga ham jalb etish haqidagi munozaralar yana avj oldi. Tahlilchilarning fikricha, yaqin haftalarda Zelenskiy maxsus farmon imzolab, ayollardan iborat alohida harbiy bo‘linmalar tuzilishini boshlashi mumkin.
Hozir ham Ukraina armiyasi safida ayollar bor, ammo ularning soni cheklangan. Ayrim shturm bo‘linmalardagi ayollar ilgari jazo lagerlarida bo‘lgan shaxslar ekani ma’lum qilingan. Rossiya tomoni ular bilan bir necha front yo‘nalishlarida to‘qnashganini bildirgan.
Shuningdek, ukrain ommaviy axborot vositalarida mobilizatsiya yoshini 18 yoshga tushirish haqidagi tayyorlov kampaniyasi boshlangani ham qayd etilmoqda. Rasmiy Kiyev hozircha bu qarorga qarshi chiqqanday ko‘rinsa-da, nashrga ko‘ra, G‘arb mamlakatlari bunday qarorga bosim o‘tkazmoqda.





