
Ukrainadagi urush taqdirini Xitoy zavodlari hal qilmoqda — FT
Ikki dushman mamlakat vakillari bir xil detallar uchun bir xil zavodga keladi, lekin Xitoy kompaniyalari ularning uchrashib qolishiga yo‘l qo‘ymaydi.
© Фото: ft.com Rossiya va Ukraina Xitoy dronlari hamda ularning asosiy butlovchi qismlari uchun keskin raqobatga kirishdi. Bu haqda «Financial Times» (FT) Xitoy fabrikalaridagi vaziyat tahliliga tayanib xabar bermoqda.
Raqobat bevosita front chizig‘idan ancha uzoqda — Janubiy Xitoydagi zavodlar va savdo maydonlarida avj olgan. Gazetaning qayd etishicha, urushdagi texnologik muvozanat aynan o‘sha yerda shakllanmoqda.
Xitoy detallariga qaramlik
Nashr tahlilchilarining ta’kidlashicha, har ikki tomondagi yo‘qotishlarning 75 foizigacha qismi jangovar dronlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Moskva va Kiyev dron yasashni faol rivojlantirayotgan bo‘lsa-da, deyarli to‘liqligicha Xitoy detallariga qaram. Parvoz masofasi, nishon aniqligi va zarba samaradorligini aynan Xitoydan keltirilgan kameralar, motorlar, protsessorlar va batareyalar belgilab beradi. FT'ning izohlashicha, bu qismlar G‘arbdagi muqobillaridan ancha arzon va katta hajmda mavjud.
Bir xil zavod — ikki dushman
Ma’lum bo‘lishicha, Ukraina va Rossiya ko‘pincha bir xil xitoylik ishlab chiqaruvchilarga murojaat qiladi. Xitoy kompaniyalari esa ikki mamlakat vakillarining o‘zaro to‘qnash kelib qolmasligiga harakat qiladi. Hamkorlar turli vaqtlarda qabul qilinadi, xizmat eshiklaridan olib kiriladi va tashrif jadvallari qat’iy nazorat qilinadi. Maqsad oddiy — raqobatchilarning bevosita uchrashib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik.
Gazetaning aniqlik kiritishicha, texnologik yangiliklar har ikki tomonga ham tez yetib boradi. Agar ukrainalik harbiylar rus dronlarida yangi detalni payqab qolsa, muhandislar darhol uning ishlab chiqaruvchisini aniqlaydi. Shundan so‘ng ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘sha zavoddan xuddi shunday uskunaga buyurtma beradi. Bu jarayon teskari yo‘nalishda ham xuddi shunday ishlaydi.
Pekin — yashirin hakam
Rasmiy Pekin o‘z neytralligini va «nozik» texnologiyalar eksporti taqiqlanganini da’vo qiladi. Biroq G‘arb razvedkasi va Ukraina rasmiylarining ta’kidlashicha, Xitoy hukumati amalda rossiyalik xaridorlarga yon bosmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, sanksiyalarga qaramay, Rossiyaning yirik kompaniyalariga ustuvorlik berilmoqda va ular hatto butun boshli ishlab chiqarish liniyalarini Xitoyga ko‘chirib o‘tkazmoqda.
Garchi Ukraina dron ishlab chiqarishni o‘z hududida mahalliylashtirishga intilayotgan bo‘lsa-da, oddiy zarbdor apparatlar uchun butlovchi qismlarning qariyb 85 foizi hali ham Xitoydan keltirilmoqda, deb yozadi FT. Shu bilan birga, Xitoy dunyodagi barcha tijoriy dronlarning 80 foizini ishlab chiqaradi va ularning eng muhim qismlari tayyorlanishini o‘z nazoratida ushlab turibdi.
Ekspertlarning fikricha, Pekin ushbu raqobatning yashirin hakamiga aylangan. Xitoylik yetkazib beruvchilarning qarorlari armiyalarning imkoniyatlariga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Gazetaning xulosa qilishicha, janglar taqdiri tobora front chizig‘iga emas, balki Xitoydagi shartnomalar, muzokaralar va logistikaga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.





