
Ukrainaga Amerika qurollari uchun qancha pul kerak?
26.08.2025 | 09:005413
Yevropa mamlakatlari har oy Ukrainaga milliard dollar ajratishi kerakmi? Kiyevdagi matbuot anjumanida Volodimir Zelenskiy AQSH qurollari uchun mablag‘ talabini ochiq bayon qildi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Yevropadagi davlatlar har oy kamida 1 milliard dollar mablag‘ ajratib, AQSH qurollarini sotib olish uchun maxsus dasturni qo‘llab-quvvatlashini kutmoqda. Bu haqda u Kiyevda Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styore bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida so‘z ochdi.
Prezident Norvegiya havo hujumidan mudofaa tizimlarini yetkazib berish va dengiz xavfsizligini qo‘llab-quvvatlash orqali Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini ta’minlashga yordam berishi mumkinligini ma’lum qildi.
«Norvegiya AQSHdan qurol-yarog‘ sotib olish imkonini beruvchi va har oyda kamida bir milliard dollar miqdorida mablag‘ bilan to‘ldirilishi kerak bo‘lgan PURL dasturiga qo‘shilganini men allaqachon aytib o‘tgan edim», - dedi Zelenskiy.
U shuningdek, Norvegiya bosh vaziri bilan dronlar ishlab chiqarish, hamkorlikdagi imkoniyatlar va RFni urushni tugatishga majbur qilishga yordam beradigan investitsiyalarni muhokama qilganini qo‘shimcha qildi.
PURL (Prioritized Ukraine Requirements List) dasturi - AQSH va NATOning Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berishni jadallashtirish maqsadidagi yangi tashabbusidir. Ushbu dastur doirasida Ukraina qurollarga bo‘lgan ustuvor ehtiyojlar ro‘yxatini tuzib, uni NATOga taqdim etadi. So‘ngra, hamkor davlatlar mazkur ro‘yxatga muvofiq Amerika qurollarini xarid qilishni moliyalashtiradi.





