
Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan o‘zbekistonlik 2 yilga qamaldi
05.10.2025 | 17:2510093
Namanganda yashovchi fuqaro Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida ishtirok etgani uchun 2 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudi 11 sentyabrda K.R.ga nisbatan ishni ko‘rib chiqdi. U O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismiga ko‘ra — chet davlat harbiy xizmatiga ixtiyoriy kirganlikda aybdor deb topildi. Bu haqda UzNews sud hukmiga tayanab xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Ukrainaga tegishli «Xochu jit» telegram-kanali Rossiya—Ukraina urushida qatnashgan 1100 nafar o‘zbekistonliklar ro‘yxatini e’lon qilgan. Ro‘yxatning 392-raqamida 1970 yilda Namanganda tug‘ilgan K.R. ismi keltirilgan.
U 2023 yil iyun oyida Qirg‘iziston orqali Rossiyaga ishlash uchun borgan. U yerda fuqarolik patenti olish maqsadida murojaat qilganida, migratsiya idorasi xodimlari unga patent berilmasligini, ammo urushda ishtirok etsa fuqarolik olishi mumkinligini aytgan. Shuning ortidan u Rossiya Mudofaa vazirligi bilan bir yillik shartnoma imzolab, «mexanik-mashinist» sifatida xizmat qilgan. U «Ded» tahallusi bilan tanilgan.
Urushda ishtirok etgani uchun K.R. 700 ming rubl mukofot puli hamda oyiga o‘rtacha 150–200 ming rubl (25–30 mln so‘m) maosh olgan. U Belgorod shahridagi harbiy qismida urush texnikasini ta’mirlash bilan shug‘ullangan.
2024 yil may oyida salomatligidagi muammolar sabab xizmatdan ozod etilgan K.R. iyun oyida O‘zbekistonga qaytgan. Sud uni aybdor deb topib, 2 yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.





