Ukrainaning dronlardan himoyalanish tajribasi global talabga aylandi

Arzon va ommaviy dron hujumlari yangi xavfga aylanar ekan, davlatlar Ukraina modelini o‘rganishga o‘tmoqda.

Ukrainaning dronlardan himoyalanish tajribasi global talabga aylandi

Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlar ko‘plab mamlakatlar uchuvchisiz qurilmalar ommaviy qo‘llaniladigan yangi turdagi urushga tayyor emasligini ko‘rsatdi. Fors ko‘rfazi mintaqasida Eron dronlarini G‘arbning qimmat havo hujumidan mudofaa raketalari bilan urib tushirishga bo‘lgan urinishlar past samaradorlikni qayd etdi.

To‘rt yillik urush tajribasiga ega Ukraina Eron va Rossiya dronlariga qarshi ancha arzon, tezkor va keng ko‘lamda qo‘llash mumkin bo‘lgan yechimlar yordamida kurashishni o‘rgangan. Shularni inobatga olgan holda, hozirda Ukrainaning dron-tutqichlariga va dronlarning ommaviy hujumlaridan himoyalanish tajribasiga qiziqish kuchaymoqda.

«Hamma tushunib turibdiki, «Shahed»larning ommaviy hujumlarini qaytarishda bugun faqat Ukraina tajribasi haqiqatda yordam berishi mumkin. Menimcha, bizning harbiylarimiz, operatorlarimiz, dasturiy ta’minotimiz va radiolokatsiya maydonimizsiz dron-tutqichlar shunchaki ishlamasligini allaqachon hamma anglab yetdi», — dedi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy.

1

Ukrainaning dronlarga qarshi kurashdagi noyob tajribasi

«Dronarium Academy» o‘quv departamenti rahbari Dmitriy Sledyukning fikricha, Ukraina texnologiyalari va tajribasiga bo‘lgan bunday yuqori talab doimiy saqlanmaydi. Shu sababli, davlat darajasida qaror qabul qilishdagi tezkorlik hozirda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

 «Dastlabki bosqichlarda Ukraina dron-tutqichlarni yetkazib berishga tayyor va buni amalga oshirishi mumkin, ammo katta ehtimol bilan hamkorlar ulardan nusxa ko‘chirib, ishlab chiqarishni tez orada o‘zlari yo‘lga qo‘yishadi. Chunki Ukraina qo‘llayotgan texnologiyalarning o‘zi unchalik murakkab yoki noyob emas. Aslida, bular chuqur qayta ishlangan FPV-dronlardir. Shu bois, biz uchun asosiy boylik — to‘plangan tajribamizdir. Hozirgi vaqtda aynan tajriba asosiy tovar vazifasini o‘tayapti», — dedi Sledyuk DW bilan suhbatda.

2

9-mart kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Bosh qo‘mondonlik shtabining so‘nggi yig‘ilishidan keyin Volodimir Zelenskiy ijtimoiy tarmoqlarda Ukraina Eronning qo‘shni davlatlari, Yevropa mamlakatlari va AQSHdan Eron dronlariga qarshi kurashda yordam berish bo‘yicha 11 ta so‘rov olganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina ushbu so‘rovlarning bir qismiga allaqachon «aniq yechimlar va aniq ko‘mak» bilan javob qaytargan.

Shuningdek, «The New York Times» nashriga bergan intervyusida Zelenskiy Ukraina Iordaniyadagi Amerika harbiy bazalarini Eronning zarbdor dronlaridan himoya qilish uchun mutaxassislar guruhi va dron-tutqichlarni allaqachon yuborganini aytib o‘tdi.

Ukraina hamkorlariga nimalarni taqdim eta oladi?

Dmitriy Sledyukning tushuntirishicha, bitta zenit dron-operatorini professional darajagacha tayyorlash uchun taxminan besh oy vaqt talab etiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu nafaqat nazariy bilimlarni, balki uzoq muddatli ko‘nikmalarni shakllantirishni ham o‘z ichiga oluvchi murakkab jarayondir. Operator yuqori tezlikdagi dronni manevr qilayotgan nishonga qo‘l boshqaruvi orqali aniq yo‘naltira olishi zarur, bu esa tinimsiz amaliy mashg‘ulotlarni taqozo etadi

«Buni bir-ikki haftada, hatto bir oyda o‘rgatishning deyarli iloji yo‘q. Ukraina tayyor mutaxassislarni va operatorlarni bevosita joylarda ommaviy tayyorlash uchun mavjud texnologiyaga moslashtirilgan o‘quv dasturlarini eksport qilish salohiyatiga ega. Rossiya bilan urush davomida bizning tajribamiz doimiy ravishda boyib bormoqda, shuning uchun instruktorlarimiz har doim boshqalardan bir qadam oldinda bo‘ladi», — dedi u.

Kiyev iqtisodiyot maktabining Mudofaa yo‘nalishi rahbari Marta Buxtiyarova Ukraina harbiy innovatsiyalari uzoq vaqt davomida hamkorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangani, biroq bitta muhim jihat e’tibordan chetda qolganini ta’kidladi.

«Asosiy muammomiz shunda ediki, barcha innovatsiyalarimiz hamkorlar tomonidan ijobiy qabul qilinsa-da, ular buni o‘z armiyasi nuqtai nazaridan qanday qo‘llashni va bu ularga aynan nima berishini bilmasdi. Eron bilan bog‘liq hozirgi vaziyat Ukrainaning jangovar tajribasi boshqa mamlakatlarning harbiy doktrinalariga qanday integratsiya qilinishi mumkinligini kengroq anglash yo‘lidagi birinchi qadam bo‘lishi mumkin», — dedi u.

Ukraina Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan dronlar bo‘yicha maxsus kelishuv imzolash niyatida. «Bundan bir yil avval biz AQSHga dron-tutqichlar va boshqa vositalardan iborat «Drone Deal» loyihasini taklif qilgan edik. Aslida, bu bizning umumiy tajribamiz va bugungi kunda to‘liq foydalanilmayotgan ishlab chiqarish imkoniyatlarimizdir. Ya’ni, bizda barcha ishlab chiqarish quvvatlarini moliyalashtirish uchun mablag‘ yetarli emas. Bugun Yaqin Sharq tomonidan bizga bo‘layotgan so‘rovlar «Drone Deal»ning bir qismidir. Shu bois, AQSH uchun bu kelishuv mutlaqo dolzarb», — dedi Ukraina prezidenti.

Biroq, hozircha AQSH prezidenti Donald Tramp Ukrainaning ushbu taklifini rad etgan.

«Yo‘q, bizga dronlardan himoyalanishda ularning yordami kerak emas», — dedi Tramp «Fox News Radio»ga bergan intervyusida.

Ukraina dronlari eksporti

Fevral oyi boshidayoq prezident Zelenskiy Ukraina qurol-yarog‘ eksportini yo‘lga qo‘yayotgani va 2026-yil davomida Yevropada mamlakatning 10 ta eksport markazi tashkil etilishini ma’lum qilgan edi. O‘shanda u o‘z Telegram-kanali orqali Ukraina eksport vakolatxonalari Boltiqbo‘yi va Shimoliy Yevropa davlatlarida faoliyat yuritishiga aniqlik kiritgandi.

Biroq ishlab chiqaruvchilarning ta’kidlashicha, ayni paytda Ukraina dronlarini eksport qilish deyarli imkonsiz bo‘lib qolmoqda. Rossiya bilan keng ko‘lamli urush boshlangach, mudofaa mahsulotlari eksporti amalda to‘xtatib qo‘yilgan edi. Hozirda mutasaddilar ishlab chiqaruvchilar bilan barcha tomonlar uchun maqbul keladigan eksport modelini ishlab chiqish yuzasidan muzokaralar olib bormoqda.

3

«Dronlar eksporti — bu muayyan korxonaning barqarorligi va faoliyatini saqlab qolishi uchun yagona yo‘ldir. Keng ko‘lamli urush davrida uchuvchisiz qurilmalar ishlab chiqaruvchi kompaniyalar soni bir necha barobar ko‘paydi. Shu bilan birga, davlatning ishlab chiqaruvchilardan xarid qilish imkoniyati allaqachon o‘z chegarasiga yetgan», — deydi Buxtiyarova.  

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar davlat dronlarni sotib olish qobiliyatini yo‘qotsa, korxonalar ishlab chiqarishni to‘xtatish xavfi ostida qoladi. Shu bois, eksport yo‘llarini ochish mamlakat mudofaa qobiliyati uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega.

 

Teglar

Mavzuga oid