add

Ulug‘bek Rashitov 2 yilga diskvalifikatsiya qilindi

11.07.2025 | 11:0030852

Ikki karra Olimpiya chempioni Ulug‘bek Rashitov antidoping qoidalarini buzganlikda ayblanib, xalqaro musobaqalardan 2 yilga chetlatildi. Bu haqda Xalqaro doping tahlil agentligi rasman ma’lumot berdi.

Ulug‘bek Rashitov 2 yilga diskvalifikatsiya qilindi
Xalqaro doping tahlil agentligi (ITA) xabariga ko‘ra, Rashitov so‘nggi 12 oy ichida uch marta o‘z joylashuvi haqida noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etgan. Bu holat antidoping qoidalarida sinovdan bosh tortishga teng deb hisoblanadi va jiddiy qonunbuzarlik sifatida baholanadi. Shunga muvofiq, sportchining diskvalifikatsiya muddati 2025 yil 13 maydan boshlanib, 2027 yil 12 maygacha etib belgilangan. U shu davr mobaynida har qanday xalqaro va milliy sport musobaqalarida ishtirok etish huquqidan mahrum bo‘ladi. Eslatib o‘tamiz, Ulug‘bek Rashitov Tokio–2020 va Parij–2024 Olimpiya o‘yinlarida 68 kg vazn toifasida oltin medallarni qo‘lga kiritgan edi. Shuningdek, u Osiyo o‘yinlari va chempionati g‘olibi, jahon chempionati sovrindori hisoblanadi. Rashitov taekvondo bo‘yicha ikki karra Olimpiya chempioni bo‘lgan ilk o‘zbekistonlik sportchi sifatida mamlakat sport tarixida alohida o‘rin tutadi. Uning diskvalifikatsiyasi sport jamoatchiligida katta qiziqish va muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Ulug‘bek Rashitov 2 yilga diskvalifikatsiya qilindi | Vaqt.uz