
Ulug‘bek Rashitovning antidoping qoidabuzarligi Olimpiada medallariga ta’sir qilmaydi
11.07.2025 | 20:3126952
Ikki karra Olimpiya chempioni Ulug‘bek Rashitovga nisbatan chiqarilgan diskvalifikatsiya qaroridan so‘ng, uning ilgariroq qo‘lga kiritgan oltin medallari taqdiri ko‘pchilikni qiziqtirdi. Bu masalaga O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi rasman izoh berdi.

O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi bo‘lgan Rashitovning Jahon antidoping kodeksi 2.4 bandini buzgani aniqlangan. Ushbu qoidaga ko‘ra, agar sportchi bir yil davomida uch marotaba o‘z joylashuv manzili haqida to‘liq ma’lumot taqdim etmasa, bu antidoping qoidabuzarligi sifatida baholanadi.
Milliy antidoping agentligi ta’kidlashicha, ushbu qoidabuzarlik 2025 yilda aniqlangan va 2025 yil 25 fevraldan keyingi davrga taalluqli. Shu bois, Ulug‘bek Rashitovning Tokio-2020 va Parij-2024 Olimpiadasida qo‘lga kiritgan oltin medallari haqiqiy deb hisoblanadi va bekor qilinmaydi.
Biroq, 2025 yil 25 fevraldan 13 maygacha davrda qo‘lga kiritilgan barcha natijalar va sovrinlar amalda bekor qilinadi. Qonunbuzarlik aniqlangan sportchi jazo muddati davomida mahalliy va xalqaro musobaqalarda qatnashishi taqiqlanadi, aks holda unga nisbatan qo‘shimcha sanksiyalar qo‘llaniladi.





