Urush global iqtisodiyotga bosimni kuchaytirmoqda
Yaqin Sharqdagi mojaro va energetika bozoridagi inqiroz fonida jahon iqtisodiyotida o‘sish sur’atlari sekinlashib, inflatsiya bosimi kuchaymoqda. Iqtisodchilar bu holat ayrim davlatlarni retsessiya yoqasiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Jahon iqtisodiyotida o‘sish sur’atlari pasayishi va inflatsiya bosimi kuchayishi kuzatilmoqda. Energiya bozoridagi beqarorlik hamda Eron atrofidagi geosiyosiy ziddiyatlar ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalariga jiddiy ta’sir o‘tkazmoqda. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
«S&P Global» tomonidan Avstraliyadan Yevropa davlatlarigacha o‘tkazilgan PMI so‘rovlari may oyida zavodlar faolligi sekinlashganini ko‘rsatdi.
Eng kuchli salbiy ta’sir Yevropa iqtisodiyotida kuzatilmoqda. Ayniqsa, Fransiyadagi iqtisodiy ko‘rsatkichlar keskin yomonlashgan bo‘lsa, Germaniyada ham sanoat faolligi qisqarish bosqichiga kirgan. Yevrohududda biznes faolligi so‘nggi ikki yarim yildagi eng past darajaga tushgani qayd etilgan.
Tahlilchilar fikricha, energiya narxlarining oshishi va ta’minot zanjirlaridagi muammolar kompaniyalarni qiyin ahvolga solmoqda. Korxonalar xarajatlarni o‘z zimmasiga olish yoki mahsulot narxini oshirish orqali iste’molchilarga yuklash o‘rtasida tanlov qilishga majbur bo‘lmoqda.
«Royal London Asset Management» iqtisodchisi Melani Beyker Yevropa iqtisodiyoti texnik retsessiyaga kirishi mumkinligini aytdi. Uning fikricha, hozirgi vaziyatda stagflyatsiya belgilari sezilmoqda — iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi va yuqori inflatsiya bir vaqtning o‘zida yuz berayotgan holat davom etmoqda.
«S&P Global» iqtisodchisi Annabel Fiddes ham xarajatlar bosimi ortib borayotganini ta’kidladi. Agar talab pasaysa va xarajatlar oshishda davom etsa, biznes ishonchi hamda umumiy iqtisodiy faollik yanada yomonlashishi mumkin.
Inflatsiya bosimi
So‘nggi kunlarda global moliya bozorlarida ham bosim kuchaydi. Investorlar inflatsiya uzoq vaqt yuqori darajada qolib ketishidan xavotirda. Shu sabab davlat obligatsiyalari ommaviy sotilmoqda.
Natijada AQSH va Yevropa davlatlarida uzoq muddatli obligatsiyalar daromadliligi so‘nggi yigirma yildagi eng yuqori nuqtaga chiqdi. Bu esa bozor ishtirokchilari foiz stavkalari yana oshishini kutayotganini anglatadi.
Markaziy banklar esa og‘ir tanlov oldida turibdi. Agar ular inflatsiyani to‘xtatish uchun stavkalarni oshirsa, iqtisodiy o‘sish yanada sekinlashishi mumkin. Agar stavkalar oshirilmasa, narxlar nazoratdan chiqishi xavfi bor.
Yevropa Markaziy banki va AQSH Federal zaxira tizimi aynan shu dilemma bilan yuzlashgan. Belgiya Markaziy banki rahbari Per Vunsh urush yaqin vaqtda tugamasa, iyun oyida yana foiz stavkalari oshirilishi ehtimoli yuqori ekanini bildird
Osiyo hozircha barqarorroq
Hindiston va Yaponiya iqtisodiyotlari hozircha nisbatan barqaror ko‘rinmoqda. PMI ko‘rsatkichlariga ko‘ra, ushbu davlatlarda ishlab chiqarish hali ham o‘sishda davom etmoqda. Ammo sur’atlar avvalgi oylarga nisbatan pasaygan.
Yaponiyada kompaniyalar hozircha zaxira to‘plash hisobiga ishlab chiqarishni ushlab turibdi. Biroq energiya xarajatlari bu yerda ham katta muammoga aylanmoqda.
Hozir iqtisodchilarni eng ko‘p xavotirga solayotgan masala — Yaqin Sharqdagi mojaro qancha davom etishi. Agar urush uzoqqa cho‘zilsa va energiya ta’minotida uzilishlar boshlansa, bu nafaqat Yevropa, balki butun jahon iqtisodiyotini retsessiyaga olib kirishi mumkin.





