
Urushlar soni keskin ortdi: dunyoda zo‘ravonlik avjida
24.05.2025 | 18:0044782
2024 yilda 50 mamlakatda 56 ta qurolli mojaro qayd etildi, bu Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Urushlar ko‘lami kengayib, dunyo aholisining oltidan biri mojaro zonasida yashayotgani taxmin qilinmoqda.

The Telegraph nashriga ko‘ra, mazkur ma’lumotlar ACLED tadqiqotlari asosida tayyorlangan bo‘lib, Global Peace Index va Uppsala Conflict Data Program kabi yetakchi tashkilotlar tomonidan ham tasdiqlangan.
Mojarolarning geografiyasi jahonning turli mintaqalariga tarqalmoqda. 2020 yildan buyon qurolli to‘qnashuvlarda halok bo‘lganlar soni bir milliondan oshgan. Bu raqam 2010–2019 yillardagidan ancha yuqori.
Urushlar sonining o‘sishiga asosiy hissani Myanma, Ukraina va G‘azodagi mojarolar qo‘shmoqda. Ushbu mintaqalardagi qurolli to‘qnashuvlar nafaqat inson halokatiga, balki butun mintaqaviy barqarorlikka tahdid solmoqda.
Mutaxassislar bu holatni global xavfsizlik tizimiga jiddiy tahdid sifatida baholamoqda. So‘nggi yillarda xalqaro hamjamiyat mojarolarni oldini olishda samarali choralar ko‘ra olmayotgani tan olinmoqda.
Shu bilan birga, tinchlikparvar tashkilotlar va tahlilchilar mojarolarning oldini olish va bartaraf etish uchun ko‘proq siyosiy iroda va uzoq muddatli strategiya talab etilishini ta’kidlamoqda.





