Logo

Uy-joy subsidiyasi uchun arizalar qabuli qachon boshlanishi ma’lum qilindi

Kecha 10:252 daqiqa

Subsidiya olish uchun talabgorlar ijtimoiy baholash natijalariga ko‘ra kamida 30 ball to‘plashi va kredit tarixi dasturda ishtirok etayotgan kamida bitta tijorat bankining ichki talablariga javob berishi lozim.

Uy-joy subsidiyasi uchun arizalar qabuli qachon boshlanishi ma’lum qilindi © vaqt.uz

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ipoteka kreditlari bo‘yicha davlat subsidiyasi olish uchun arizalar qabuli 27-iyul kuni soat 15:00 dan boshlanishini ma’lum qildi.

Arizalar avval ajratilgan, ammo xabarnomalarning amal qilish muddati doirasida foydalanilmay qolgan subsidiyalar hisobidan qabul qilinadi.

Subsidiya olish istagidagi fuqarolar belgilangan ijtimoiy mezonlar hamda kredit tarixi bo‘yicha baholanadi. Ariza ijobiy ko‘rib chiqilishi uchun nomzod ijtimoiy baholash natijalariga ko‘ra kamida 30 ball to‘plashi lozim.

Shuningdek, talabgorning kredit tarixi dasturda ishtirok etayotgan tijorat banklaridan kamida birining ichki talablariga javob berishi shart. Bu talab ipoteka kreditini rasmiylashtirish imkoniyatini baholashda asosiy mezonlardan biri hisoblanadi.

Kimlar subsidiya olishi mumkin?

Subsidiya olish uchun ariza beruvchi va uning turmush o‘rtog‘i nomida O‘zbekistonning hech bir hududida mulk huquqi asosida rasmiylashtirilgan turar joy bo‘lmasligi kerak.

Daromad mezonlari ham alohida belgilangan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda yashovchilar uchun oilaning o‘rtacha oylik daromadi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2,7 baravaridan 8 baravarigacha, ya’ni 3,431 mln so‘mdan 10,168 mln so‘mgacha bo‘lishi lozim.

Toshkent shahrida esa ushbu chegara yuqoriroq belgilangan. Poytaxtda ariza beruvchilar uchun o‘rtacha oylik daromad MHTEKMning 2,7 baravaridan 9,2 baravarigacha, ya’ni 3,431 mln so‘mdan 11,693 mln so‘mgacha bo‘lishi talab etiladi.

Ariza qayerda topshiriladi?

Fuqarolar arizalarni Davlat xizmatlari markazlari orqali, shuningdek, myGov mobil ilovasi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali topshirishlari mumkin.

Ariza berishdan avval OneID tizimidagi shaxsiy ma’lumotlarni boshqarish paneli orqali ishtirokchi banklarga kredit tarixini baholash uchun zarur ma’lumotlardan foydalanishga ruxsat berish talab etiladi.

Shuningdek, kredit tarixini olishga vaqtinchalik cheklov o‘rnatilmagan bo‘lishi lozim. Aks holda, banklar kredit tarixini tekshira olmaydi va ariza rad etilishi mumkin.

Harbiy tuzilmalar xodimlari subsidiya uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilishi mumkin.

Kredit tarixi baholanadigan banklar qatoriga «Agrobank», «Aloqabank», «Asakabank», «Asia Alliance Bank», «Biznesni rivojlantirish banki», «Hamkorbank», «Ipak Yo‘li Bank», «Ipoteka-bank», «Mikrokreditbank», «Orient Finans Bank», «Trastbank», «Turonbank», «Xalq banki», «Milliy bank» va «SQB» kiradi.

Teglar

Mavzuga oid