Uy-joy va avtomobil eskrou bitimlari uchun komissiya miqdori tasdiqlandi

Bugun 16:491 daqiqa

1-apreldan eskrou xizmatlari uchun aniq limitlar joriy etilib, banklar o‘rtasidagi hisob-kitob tartibi belgilandi.

Uy-joy va avtomobil eskrou bitimlari uchun komissiya miqdori tasdiqlandi

1-apreldan boshlab O‘zbekistonda eskrou tizimi orqali amalga oshiriladigan bitimlar bo‘yicha xizmat haqlari uchun aniq cheklovlar joriy etiladi. Yangi tartibga ko‘ra, komissiyalar miqdori bitim turiga qarab belgilangan va banklar o‘rtasidagi hisob-kitob mexanizmi ham tartibga solingan.

Ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlar

Ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlar uchun komissiya bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizidan oshmaydi. Amalda bu eng ko‘pi bilan 206 ming so‘mgacha degani. Bu cheklov aholi uchun uy-joy xaridida qo‘shimcha xarajatlarni nazoratda ushlashga xizmat qiladi.

Avtotransport vositalari bo‘yicha bitimlar

Avtotransport vositalari bo‘yicha bitimlarda esa komissiya yanada past belgilangan. Ushbu holatda xizmat haqi bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizidan, ya’ni 103 ming so‘mdan oshmasligi kerak. Bu avtomobil bozorida operatsiyalarni arzonlashtirishga qaratilgan.

Muhim jihatlardan biri — banklar o‘rtasidagi hisob-kitob tartibi. Agar xaridor va sotuvchiga bir bank xizmat ko‘rsatsa, komissiya faqat bir marta undiriladi. Agar ular turli banklarda bo‘lsa, har bir bank komissiyaning yarmidan oshmagan qismini oladi.

Shuningdek, bitim amalga oshmasa yoki bekor qilinsa, eskrou hisobvarag‘idagi mablag‘lar to‘liq xaridorga qaytariladi. Bu mexanizm xaridor manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.

Biroq belgilangan maksimal komissiyalar faqat davlat ulushi mavjud tijorat banklariga tegishli. Xususiy banklarda esa tariflar bankning ichki siyosatidan kelib chiqib mustaqil belgilanadi.

Teglar

Mavzuga oid