«Vagner» soyasi: Kreml kuch ishlatar tuzilmalarni to‘liq nazoratga olmoqda
Rosgvardiya Bosh shtab nazoratiga o‘tkazildi, bu harbiy boshqaruvning yanada kuchayishidan dalolat beradi.

Ukrainada davom etayotgan urush fonida Kreml kuch ishlatar tuzilmalarni boshqarish tizimini o‘zgartirmoqda — Rossiyada Rosgvardiyani Bosh shtab nazoratiga o‘tkazish haqida farmon imzolandi. Bu harbiy rahbariyatning yanada markazlashayotganidan dalolat beradi. Bu haqda Amerika Urushni o‘rganish instituti (ISW) hisobotida ma’lum qilindi.
Kuni kecha Rossiya hukumati Bosh shtabni Rossiya gvardiyasi qismlarini boshqarishning asosiy organiga aylantiruvchi hujjatni tasdiqlagan edi.
Bosh shtabning yangi va kengaytirilgan vakolatlari
Bosh shtab tinchlik va urush davrlarida mazkur kuchlarni boshqarish va ulardan foydalanishni muvofiqlashtirishi, ularning rivojlanishini rejalashtirish jarayonida qatnashishi, jangovar va safarbarlik tayyorgarligiga javobgar bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, tashkilot shaxsiy tarkibni tayyorlash, razvedka olib borish, jangovar ta’minot va Rosgvardiya bo‘linmalari uchun boshqaruv tizimlarini yaratish bo‘yicha kengaytirilgan vakolatlarga ega bo‘ladi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya Xavfsizlik kengashi Favqulodda vaziyatlar vazirligini tugatish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda. Vazirlik xodimlarining bir qismi Rosgvardiya tarkibiga o‘tkazilishi mumkin. Manbalarning qayd etishicha, 50 ming nafargacha qutqaruv bo‘linmalari xodimlari, sapyorlar va boshqa mutaxassislar yangi tizimga integratsiya qilinishi kutilmoqda.
Vagner isyoni saboqlari va Gerasimovning siyosiy g‘alabasi
Tahlilchilarning fikricha, bunday kadrlar va tarkibiy o‘zgarishlar 2023 yil iyunidagi «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi isyonidan so‘ng kuch ishlatar tizim ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan. Rosgvardiyaning Bosh shtab tasarrufiga o‘tkazilishi Kremlning barcha qurolli tuzilmalarni Mudofaa vazirligi shafeligida maksimal darajada markazlashtirish yo‘lidagi harakatlarini davom ettirayotganini ko‘rsatadi.
«Rosgvardiya va Rossiya mudofaasi oliy qo‘mondonligi bo‘linmalarining Bosh shtabga bo‘ysundirilishi Gerasimovning kuch ishlatar tuzilmalar ustidan nazoratini sezilarli darajada oshiradi. Bu esa Putin Gerasimovni o‘ziga sodiqligi uchun mukofotlayotganini va Gerasimov hamon Putinning atrofida markaziy o‘rin tutayotganini anglatadi», — deya xulosa qiladi ekspertlar.





