
Vashingtonda banket zali qurilishi munosabati bilan Oq uyning bir qismi buzilmoqda
AQSH prezidenti Donald Tramp Oq uyning sharqiy qanotini qisman buzdirib, o‘rniga Mar-a-Lago uslubidagi 1000 kishilik banket zali qurishni boshladi.

20 oktyabr kuni Vashingtonda Oq uyning sharqiy qanoti buzish ishlari boshlandi. Bu yerda prezident Donald Tramp o‘zining yangi loyihasi — ulkan banket zalini qurishni rejalashtirgan. AQSH prezidentining ta’kidlashicha, yangi inshoot 8400 metr kvadrat maydonni egallaydi va «dunyodagi eng chiroyli zallardan biri»ga aylanadi.
Trampning ilhom manbai — uning Floridadagi shaxsiy Mar-a-Lago rezidensiyasi, u yerda ham devorlari susal tilla bilan bezatilgan banket zali mavjud. Prezidentning aytishicha, Oq uydagi hozirgi zal faqat 200 kishiga mo‘ljallangan va bu «juda kichik». Yangi zal esa 1000 nafar mehmonni qabul qila oladi.
«Bizda fenomenal banket zali bo‘ladi — dunyodagi eng go‘zallaridan biri. U butunlay shishadan bo‘ladi, lekin Oq uyning rangi va shakliga mos ravishda tayyorlanadi», — dedi Tramp jurnalistlarga.
Sharqiy qanot 1902 yilda qurilgan bo‘lib, ilgari u yerda prezident rafiqalarining ofislari joylashgan. 1942 yilda unga qo‘shimcha qavat qo‘shilgan va u arxitekturaning «marvaridi» sifatida tanilgan. Endi esa mazkur qism tubdan yangilanmoqda.
Tramp bu bilan cheklanib qolmoqchi emas. Prezident Oval kabinetda tilla bezaklar qo‘shish, Rozariy bog‘ini qayta bezatish va hatto Parijdagi triumf arkasiga o‘xshash yodgorlik arkasi qurish niyatida.
Jurnalistlardan biri «Bu yodgorlik kimga bag‘ishlanadi?» deb so‘raganda, Tramp kulimsirab, «Albatta, menga-da», deb javob bergan.





