Logo

Venesuelada ketma-ket ikkita kuchli zilzila sodir bo‘ldi

Bugun 09:412 daqiqa

24-iyun kuni kechqurun mamlakat poytaxti Karakasdan g‘arbda 7,2 va 7,5 magnitudali ikkita kuchli zilzila ketma-ket sodir bo‘ldi. Halok bo‘lganlar soni 10 mingdan 100 minggacha yetishi mumkinligi aytilmoqda.

Venesuelada ketma-ket ikkita kuchli zilzila sodir bo‘ldi © AP photo

24-iyun kuni Venesuela poytaxti Karakasdan qariyb 160 kilometr g‘arbda ikkita kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

AQSH Geologiya xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 7,2 magnitudali birinchi zilziladan bir daqiqadan kamroq vaqt o‘tgach 7,5 magnitudali ikkinchi zilzila sodir bo‘lgan. Shuningdek, idora zilzila oqibati keng ko‘lamli bo‘lishini, halok bo‘lganlar soni 10 mingdan 100 ming nafargacha yetishini ma’lum qildi.

Venesuela prezidenti vazifasini bajaruvchi Delsi Rodriges mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Karakas xalqaro aeroporti yopilgan, metro va temir yo‘l qatnovi to‘xtatilgan, aholiga shikastlangan binolarni zudlik bilan tark etish va ehtimoliy takroriy zilzilalardan ehtiyot bo‘lish tavsiya etilgan.


Delsi Rodriges qurbonlar soni bo‘yicha aniq raqamlarni keltirmagan, ammo halok bo‘lganlar yaqinlariga hamdardlik bildirgan.

Karakasda bir nechta ko‘p qavatli binolar qulagan, qutqaruvchilar vayronalar ostida qolganlarni izlashni davom ettirmoqda. Chakao tumani meri Gustavo Duke ma’lum qilishicha, birgina qulagan binodan 18 kishi tirik qutqarilgan. Ichki ishlar vaziri Diosdado Kabelo esa qutqaruv ishlariga barcha mavjud kuch va vositalar jalb etilganini bildirdi.

Zilzila Truxilyo, Yarakuy, Karabobo, Aragua, Miranda va La Gvayra shtatlarida ham kuchli sezilgan. Ayrim hududlarda elektr va transport infratuzilmasiga zarar yetgani haqida dastlabki xabarlar kelib tushmoqda.

Zilzila sodir bo‘lgan vaqtda poytaxt aholisining aksariyati uyida bo‘lgan. Yer silkinishi boshlanishi bilan minglab odamlar ko‘chalarga chiqib ketgan. Ko‘plab karakasliklar 1967 yilgi halokatli zilzilani eslagan. O‘shanda Palos Grande va Altamira tumanlarida ko‘plab turar joy binolari qulab tushib, 200 dan ortiq kishi halok bo‘lgan edi. Hozir ham rasmiylar ushbu tumanlar eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlar qatorida ekanini bildirmoqda.

Teglar

Mavzuga oid