
Vengriyaning qarshiligi sabab Moldova Yevroittifoqqa a’zo bo‘lishdan to‘xtab qoldi
03.09.2025 | 18:3041015
Vengriya Ukraina arizasiga veto qo‘ygach, YeI Moldova bilan muzokaralarni ham to‘xtatdi — chunki har ikki arizani birgalikda ko‘rib chiqish siyosati hali ham kuchda.

Moldova va Ukraina bilan Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralar Vengriyaning qarshiligi tufayli to‘xtab qoldi. Euronews ma’lumotiga ko‘ra, Budapesht Ukraina arizasi bo‘yicha keyingi bosqich muzokaralarni bloklagan va bu YeI reglamentlariga ko‘ra avtomatik ravishda Moldova arizasiga ham ta’sir qilgan.
Chunki Yevropa Ittifoqi bu ikki davlat arizasini birgalikda ko‘rib chiqish siyosatiga sodiq qolmoqda. Bu siyosatni o‘zgartirish Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari yuzasidan salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, degan xavotir bor. Ammo so‘nggi oylarda arizalarni alohida ko‘rib chiqish g‘oyasi keng tarqaldi. Buning sababi — Vengriyaning Ukraina a’zoligini qat’iy rad etish pozitsiyasidir.
YeIga raislik qilayotgan Daniya hukumatining vakillari Budapeshtga nisbatan «maksimal bosim» o‘tkazilishini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, Vengriyaning Yevropa ishlari bo‘yicha vaziri Yanosh Boka Moldova arizasini qo‘llab-quvvatlashini aytdi, ammo uni Ukrainaniki bilan bog‘lashga qarshi ekanini bildirdi.
Fransiya va Shvetsiyadan yuqori martabali diplomatlar Vengriya pozitsiyasini qattiq tanqid qilgan. Fransiya vakili Benjamen Haddad Budapeshtni «ichki siyosiy manfaatlar» uchun muzokaralarni bloklashda aybladi. Shved vazir Jessika Rozenkrans esa vetoni «mutlaqo qabul qilib bo‘lmas» holat deb baholadi.
Prezident Volodimir Zelenskiy avvalroq arizalarni ajratish Yevropaning Ukrainaga nisbatan xavfsizlik kafolatlari borasida birlik yo‘qligini namoyish etishidan ogohlantirgan edi. Politico manbasi yozishicha, AQSH prezidenti Donald Tramp Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanni pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqishga ko‘ndirgan. Budapeshtga nisbatan bosim kuchaygan.
Shu paytgacha Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina YeIga a’zo bo‘lishiga qarshi emasligini bayon etgan: «Biz harbiy infratuzilmaning Ukrainada paydo bo‘lishiga qarshi bo‘lganmiz. Lekin iqtisodiy integratsiya — bu ularning tanlovi», degan u.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova esa Moldovaning YeI bilan yaqinlashuvini tanqid qilgan. Unga ko‘ra, bu g‘arb davlatlari va hozirgi hukumat tomonidan xalqni «jahannamga yetaklash»dir. Zaxarova buni MDH davlatlari va Rossiya bilan aloqalarni uzish siyosatining natijasi, deb baholagan.





