
Vietnam xavf ostida: Minglab odamlarni boshpanasiz qoldirgan tayfun yana qo‘zg‘almoqda
Meteorologlar «Kalmayegi» tayfuni yana kuchayganini va u Vietnamning markaziy hududlari tomon shiddat bilan harakatlanayotganini ma’lum qildi.

Filippin hukumatiga ko‘ra, mamlakatga yopirilib kelgan «Kalmayegi» tayfuni oqibatida kamida 114 kishi halok bo‘lib, yana 127 kishi bedarak yo‘qolgan. Prezident Ferdinand Markos yoppasiga favqulodda holat e’lon qilib, yana bir yangi to‘fon yaqinlashayotgani haqida ogohlantirdi.
AQSH harbiy dengiz kuchlariga qarashli Qo‘shma to‘fon ogohlantirish markazi (JTWC) xabariga ko‘ra, «Kalmayegi» to‘foni shiddatini yana orttirgan va hozirda Vietnamning markaziy hududlariga tomon harakatlanmoqda.

Tashkilotning Vietnam mahalliy vaqti bilan payshanba soat 10:00 (GMT 03:00) da berilgan so‘nggi ogohlantirishida to‘fonning Vetnam sohiliga shiddat bilan yaqinlashayotgani va maksimal kuchayish bosqichiga yetganini ma’lum qilgan.
Markaz ma’lumotiga ko‘ra, «Kalmayegi» 4-kategoriyali to‘fon darajasiga ko‘tarilgan va u markaziy Vietnamdagi Quynyon shahri shimolidagi sohilga borib uriladi. Mahalliy nomlanishi «Tino» bo‘lgan bu tayfun seshanba kuni Filippin markaziy hududlarida sakkizta mintaqadan quruqlikka chiqib, katta talafot keltirgan.

Ayni paytda eng ko‘p zarar ko‘rgan Sebu viloyatidagi vayronalar aks etgan surat va videolar tarqalmoqda. Chorshanba kuni dovul so‘nggi izlarini qoldirgan hududda evakuatsiya qilingan 200 mingga yaqin aholi o‘z uylariga qaytib, uylarning vayrona bo‘lganini, avtomashinalar ag‘darilib yotganini va ko‘chalarni xas-cho‘p to‘sib qolganini ko‘rishgan.
«Eng katta muammo — chiqindilar, ularni tez tozalash kerak. Bu ishlarni zudlik bilan amalga oshirish lozim. Bu nafaqat bedarak yo‘qolganlarni izlash uchun, balki yordam operatsiyalarini tezlashtirish uchun ham zarur», deydi Fuqaro muhofazasi rasmiysi Raffi Alexandro mahalliy DZBB radiosi orqali.
Prezident Markos ofatga qarshi shtab yig‘ilishidan so‘ng jurnalistlarga buni «milliy fojia» deb atadi. U favqulodda holat e’lon qilinishi oziq-ovqat zaxiralarini sun’iy qimmatlashtirishni oldini olish imkonini berishiga urg‘u berdi.


Shuningdek, u shimoliy Filippinga yaqinlashib kelayotgan navbatdagi «Fung-vong» (mahalliy nomi «Uvan») tayfuni haqida ham ogohlantirdi. Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, u «Kalmayegi»dan ham kuchli bo‘lishi mumkin.
PAGACAning ma’lum qilishicha, «Fung-vong» shanba kuniga borib super-tayfun darajasiga yetadi. U juma kechasi yoki shanba boshida mamlakatga kirishi va Luson orolining shimoliy yoki markaziy qismiga, jumladan, poytaxt Manila joylashgan hududga urilishi ehtimoli ortib bormoqda.
Shu paytda «Kalmayegi» Janubiy Xitoy dengizidan o‘tib, Vetnam sohillariga yaqinlashar ekan, hukumat 350 ming nafar aholini xavfli hududlardan evakuatsiya qilish uchun minglab harbiylarni safarbar qildi.
Rasmiylar kuchli yomg‘ir va shamol markaziy viloyatlarda toshqinlar keltirib chiqarishi hamda qishloq xo‘jaligi faoliyatini, jumladan, hozirgi paytda davom etayotgan qahva hosili yig‘imini izdan chiqarishi mumkinligini aytmoqda.
Vietnam aviatsiya idorasi esa mamlakatdagi sakkizta aeroport, jumladan Danah xalqaro aeroporti faoliyati to‘fondan jabr ko‘rishi mumkinligini ma’lum qildi.





