
Volkswagen o‘zining Passat modeliga arzon va zamonaviy muqobil taqdim etdi
Volkswagen Passat’ga arzon, katta va zamonaviy muqobil sifatida yangi Sagitar 2026 modeli sotuvga chiqdi. Uning narxi 16 ming dollardan boshlanadi.

Volkswagen konserni o‘zining mashhur Passat modelining arzon muqobili — VW Sagitar 2026 modelini rasman namoyish etdi. Yangi sedan Xitoydagi bozor uchun mo‘ljallangan bo‘lib, arzon narxi, katta hajmi va zamonaviy dizayni bilan e’tibor qozonmoqda.
Sagitar modeli texnik jihatdan VW Jetta platformasiga asoslangan bo‘lsa-da, undan ancha katta. Avtomobilning umumiy uzunligi 4812 mm, g‘ildirak bazasi — 2731 mm, kengligi — 1813 mm, balandligi esa 1479 mm ni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkichlar uni D-kategoriyali Passat bilan bir qatorga qo‘yadi.
Hozircha ma’lum bo‘lishicha, yangi Sagitar 1,5 litr hajmli benzinli dvigatel bilan jihozlanadi. U 160 ot kuchiga ega bo‘lib, ko‘pincha iqtisodiy va ishonchli motor sifatida baholanadi. Yaqin kelajakda boshqa variantlar ham taqdim etilishi mumkinligi bildirildi.
Avtomobilning boshlang‘ich narxi 16 ming dollardan boshlanadi. Holbuki, avvalroq uning minimal komplektatsiyasi 20 ming dollar bo‘lishi aytilgan edi. Bu esa Sagitar’ni o‘z sinfi uchun juda raqobatbardosh modelga aylantiradi.
Volkswagen ushbu model orqali Xitoy va boshqa rivojlanayotgan bozorlarda katta bo‘shliqni to‘ldirishni maqsad qilgan. Sagitar Passat kabi hashamatli emas, ammo amaliyotga yo‘naltirilgan, arzon va vizual jihatdan zamonaviy transport vositasi sifatida qabul qilinmoqda.





