add

Volvo Cars 3 mingta ish o‘rnini qisqartirishini ma’lum qildi

Shvetsiyada joylashgan, xitoylik «Geely» kompaniyasiga tegishli Volvo Cars avtokonserni xarajatlarni qisqartirish rejasi doirasida 3 mingga yaqin ishchi, asosan ofis xodimlarini ishdan bo‘shatishini e’lon qildi. Bu qaror global avtomobil bozoridagi qiyinchiliklar fonida qabul qilindi.

Volvo Cars 3 mingta ish o‘rnini qisqartirishini ma’lum qildi
Volvo Cars kompaniyasi 3 mingta ish o‘rnini qisqartirishini ma’lum qildi. Bu qisqartirish asosan Shvetsiyadagi ofislarda ishlovchi ofis xodimlarga taalluqli bo‘lib, jami shunday toifadagi ishchilarning taxminan 15 foizini tashkil etadi. Kompaniya bu qarorni xarajatlarni qisqartirish va faoliyatni qayta ko‘rib chiqishni nazarda tutuvchi 18 milliard shvetsiya kronlik (1,9 milliard dollar) reja doirasida qabul qilgan. Volvo Cars bosh direktori Hokan Samuelsson bu qarorni og‘riqli, ammo kompaniyaning barqaror kelajagi uchun zarur qadam sifatida baholadi. Avtomobil sanoati jahonda turli qiyinchiliklarga duch kelmoqda, jumladan, AQSH prezidenti Donald Trampning import avtomobillariga 25 foizlik boj joriy etishi, xomashyo narxining o‘sishi va Yevropadagi sotuv ko‘rsatkichlarining pasayishi shular jumlasidandir. «Volvo»ning ma’lum qilishicha, 2025 yil aprel oyidagi jahon bo‘yicha sotuvlari o‘tgan yilning xuddi shu davriga nisbatan 11 foizga kamaygan. Kompaniya bosh qarorgohi Shvetsiyaning Gyoteborg shahrida joylashgan bo‘lib, uning ishlab chiqarish zavodlari Shvetsiya, Belgiya, Xitoy va AQSHda faoliyat yuritadi. Volvo 2010 yilda AQSHning Ford kompaniyasidan Xitoyning Geely konserniga sotilgan edi. 2021 yilda kompaniya 2030 yilgacha barcha avtomobillarini elektr versiyalarga o‘tkazish rejasini e’lon qilgan, ammo keyinchalik bu maqsadlar tovarlarga nisbatan joriy qilingan bojlar tufayli qayta ko‘rib chiqilgan. Avtomobil bozoridagi raqobat tobora kuchaymoqda. Yaponiyaning «Nissan» kompaniyasi ham yaqinda 11 mingta ish o‘rnini qisqartirishi va 7 ta zavodni yopishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Xitoyning «BYD» kompaniyasi 20 dan ziyod modellari uchun narxlarni pasaytirdi, bunga javoban boshqa xitoylik avtokonsernlar ham o‘z choralarini ko‘rmoqda.

Teglar

Mavzuga oid