Logo

«Wildberries» dron hujumidan oldin kompensatsiya qoidalarini o‘zgartirgan

Kecha 23:292 daqiqa

18-iyul «Wildberries»ning Rossiyadagi yirik omborlari dron hujumiga uchradi. E’tiborlisi, bundan bir necha kun oldin kompaniya bunday hujumlarni fors-major deb belgilab, sotuvchilarga kompensatsiya to‘lash qoidalarini o‘zgartirgan.

«Wildberries» dron hujumidan oldin kompensatsiya qoidalarini o‘zgartirgan

Ukraina dronlarining Rossiyaning Tambov va Moskva viloyatlarida joylashgan «Wildberries» logistika markazlariga uyushtirilgan hujumi oqibatida kamida sakkiz kishi halok bo‘ldi, qariyb 50 kishi jarohatlandi. Rossiyaning «Meduza» nashri ma’lumotlariga ko‘ra, eng og‘ir oqibat Tambov viloyatining Kotovsk shahrida qayd etilgan.

Viloyat gubernatori Yevgeniy Pervishovning bildirishicha, tungi smenada ishlayotgan yetti nafar xodim voqea joyida halok bo‘lgan, yana 24 kishi turli darajada jarohatlangan. Hujumdan so‘ng ombor hududida yirik yong‘in kelib chiqqan va uni bartaraf etish uchun qutqaruv xizmatlari jalb etilgan.

Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyov ma’lumotiga ko‘ra, Elektrostalda ham 24 kishi jarohat olgan. Ayrim jabrlanganlarning ahvoli og‘ir deb baholanmoqda.

Kompensatsiyasiz qolgan sotuvchilar

Hujumlar natijasida maydoni qariyb 100 ming kvadrat metr bo‘lgan ikki yirik logistika markazida saqlangan katta hajmdagi tovarlar ham yonib ketdi. Bu esa omborlarda mahsulot saqlayotgan minglab sotuvchilar uchun millionlab dollarlik ehtimoliy yo‘qotishlarni anglatadi.

E’tiborlisi, voqeadan atigi bir necha kun avval, 7-iyul kuni «Wildberries» sotuvchilarga yangi ofertani yuborgan edi. Unda dron hujumlari alohida fors-major holati sifatida qayd qilinib, kompaniya bunday vaziyatlarda omborlarda yoki tashish jarayonida yo‘qolgan va zarar ko‘rgan tovarlar uchun kompensatsiya to‘lash majburiyatidan ozod qilinishi belgilangan.

Oradan ko‘p o‘tmay, yana bir yirik marketpleys — «Ozon» ham shartnomalarini yangiladi. 12-iyuldan boshlab kompaniya dron hujumlari oqibatida tovarlarga yetkazilgan zarar uchun moliyaviy javobgarlikni o‘z zimmasidan soqit qildi. Shu tariqa, Rossiyaning ikki eng yirik marketpleysi harbiy xavflarni rasman fors-major sifatida e’tirof etdi.

Hozir ijtimoiy tarmoqlar va sotuvchilar chatlarida vaziyat keskin muhokama qilinmoqda. Ko‘plab tadbirkorlar «Wildberries» omborlarida saqlangan mahsulotlari bilan birga ko‘p yillik investitsiyasi va aylanma mablag‘laridan ham ayrilganini bildirmoqda.

«Wildberries» bosh direktori Tatyana Kim hodisa haqida bayonot berib, «kompaniya va Rossiya uchun dahshatli tun» deb atadi. U halok bo‘lganlar oilalari va jabrlanganlarga moddiy yordam ko‘rsatilishini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, vayron bo‘lgan omborlarda saqlangan tovarlar bo‘yicha masala alohida ko‘rib chiqilayotganini bildirgan.

Teglar

Mavzuga oid