
«Work and Travel» dasturi uchun talabalarga ssuda ajratiladi
2025 yil 15 maydan boshlab, «Work and Travel» dasturlarida ishtirok etuvchi talabalarga xorijga borish va sayohat xarajatlarini qoplash uchun ssuda ajratiladi. Bunda har yili 2000 nafargacha talabaga imtiyozli moliyaviy yordam ko‘rsatilishi belgilangan.

O‘zbekistonda 2025 yil 15 maydan boshlab «Work and Travel» xalqaro dasturlarida qatnashishni rejalashtirayotgan talabalar uchun ssuda berish tizimi amalda joriy etilmoqda. Bu ssudalar asosan talabaning xorijda ishlash va sayohat qilish bilan bog‘liq yo‘lkira va boshqa xarajatlarini qoplashga yo‘naltiriladi.
Ssudalar Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Har yili 2000 nafargacha talabaga bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravari miqdorida mablag‘ ajratiladi. Arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali qabul qilinadi.
Talabalar xorijiy davlatda bo‘lish muddati tugagandan so‘ng, bir oy ichida ssudani to‘liq qaytarish majburiyatini oladilar. Mazkur mexanizm Yevropa Ittifoqi, Janubiy Koreya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, AQSH, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiya kabi davlatlarga boradigan talabalarga taalluqli.





