Logo

«Xalq banki» reklama va kreativ xizmatlar uchun 15 mlrd so‘mdan oshiq tender o‘tkazmoqda

Kecha 18:205 daqiqa

Mablag‘ning qariyb 10 mlrd so‘mi bank mahsulotlarini TVda reklama qilishga yo‘naltiriladi. Yana 4,2 mlrd so‘mga kreativ platforma va videoroliklar ishlab chiqish, 925 mln so‘mga esa Toshkentdagi LED ekranlarga reklama joylashtirish rejalashtirilgan. Texnik topshiriqlarda ayrim bir-biriga mos kelmaydigan talablar ham bor.

«Xalq banki» reklama va kreativ xizmatlar uchun 15 mlrd so‘mdan oshiq tender o‘tkazmoqda

«Xalq banki» reklama va kommunikatsiya xizmatlarini xarid qilish bo‘yicha 3 ta tender o‘tkazmoqda. Tenderlarning umumiy boshlang‘ich qiymati 15 mlrd 146,4 mln so‘mni tashkil qiladi.

Xarajatlar quyidagicha taqsimlangan:

  • telekanallarda reklama joylashtirish9 mlrd 995,7 mln so‘m;

  • kreativ kommunikatsiya platformasi va videoroliklar ishlab chiqish4 mlrd 225,7 mln so‘m;

  • Toshkentdagi LED ekranlarga reklama joylashtirish925,1 mln so‘m.

Barcha xaridlar «Xalq banki»ning o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Ko‘rsatilgan summalar tenderlarning boshlang‘ich narxi hisoblanadi. Shu sababli savdolar yakunida shartnomalar qiymati pastroq bo‘lishi mumkin.

Qariyb 10 mlrd so‘m TV reklamaga sarflanadi

Eng yirik tender «Xalq banki» va Xazna mahsulotlarini telekanallarda targ‘ib qilishga mo‘ljallangan. Uning boshlang‘ich narxi QQS bilan 9 mlrd 995,7 mln so‘mni tashkil etadi.

G‘olib kompaniya reklama kampaniyasi uchun media-reja ishlab chiqishi, raqobatchilarning TV reklamalarini tahlil qilishi, roliklarni joylashtirishi hamda natijalar bo‘yicha haftalik hisobot taqdim etishi kerak.

Reklamalar 5 oy davomida Zo‘r TV, Sevimli, MY5, Miliiy, FTV, Mix Union, Lux TV, Navo, O‘zbekiston va Toshkent telekanallarida namoyish etiladi.

Kampaniya bo‘yicha jami 5 992 eqGRP to‘plash rejalashtirilgan. Bu reklamaning maqsadli auditoriyaga umumiy ta’sirini ifodalovchi ko‘rsatkich hisoblanadi.

Shundan:

  • ipoteka kreditlari reklamasiga — 2 100 eqGRP;

  • onlayn kreditlarga — 2 100 eqGRP;

  • bank kartalariga — 896 eqGRP;

  • biznes uchun mahsulotlarga — 896 eqGRP ajratilgan.

Reklama joylashtirishning o‘rtacha 42,8 foizi praym-taym vaqtiga to‘g‘ri kelishi kerak.

Tender ishtirokchisi O‘zbekiston Milliy media kengashi a’zosi bo‘lishi, shtatida kamida besh nafar mutaxassis ishlashi va so‘nggi uch yilda qiymati kamida 1 mlrd so‘m bo‘lgan o‘xshash loyihani amalga oshirgan bo‘lishi talab etiladi.

Biroq texnik topshiriqda yillik TV strategiyasi va yillik media-reja ishlab chiqish vazifasi belgilangan bo‘lsa-da, xizmat ko‘rsatish muddati besh oy qilib ko‘rsatilgan. Hujjatlarda yillik strategiya va besh oylik reklama kampaniyasi qanday ajratilishi batafsil tushuntirilmagan.

LED ekranlarda reklama bir million martadan ortiq ko‘rsatiladi

Ikkinchi tender Toshkentdagi 18 ta LED ekranga bank reklamasini joylashtirishni nazarda tutadi. Xaridning boshlang‘ich qiymati 925 mln 55 ming so‘m.

Ekranlar Piramit, Grand Mir mehmonxonasi, Istiqlol saroyi, Novza, Mega Planet, NEXT, Oloy bozori va poytaxtning boshqa gavjum nuqtalarida joylashgan.

Har bir reklama besh soniya davom etadi. Ekranlarga qarab reklama bir oyda 4 500-martadan 9 000-martagacha namoyish qilinishi kerak.

Texnik topshiriqdagi ko‘rsatish soni va muddatlarni hisoblaganda, bank reklamasi jami 1 mln 8 ming marta namoyish etilishi rejalashtirilgan.

Biroq hujjatning umumiy qismida xizmat muddati 12 oy deb ko‘rsatilgan. Ilovadagi jadvalda esa dastlabki sakkizta ekran uchun uch oy, qolgan o‘nta ekran uchun 12 oy belgilangan.

4,2 mlrd so‘mga 36 ta videorolik

Uchinchi tender doirasida «Xalq banki»ning yagona kreativ kommunikatsiya platformasi ishlab chiqiladi. Bank bu orqali o‘z brendini yangilash, mijozlar bazasini kengaytirish va ish beruvchi sifatidagi jozibadorligini oshirishni rejalashtirgan.

Tenderning boshlang‘ich narxi QQS bilan 4 mlrd 225,7 mln so‘m. Xizmatlar 365 kalendar kuni davomida ko‘rsatiladi. G‘olib kompaniyaga dastlab shartnoma qiymatining 15 foizi yoki 633,9 mln so‘m avans sifatida to‘lanadi.

Texnik topshiriqdagi jadvalga ko‘ra, jami 36 ta videorolik tayyorlanishi kerak:

  • ikkita bir daqiqalik imij roligi;

  • ikkita bir daqiqalik HR videosi;

  • ikkita bir daqiqalik ijtimoiy rolik;

  • 20 ta yigirma soniyalik reklama roligi, ularning 10 va 15 soniyalik versiyalari;

  • hujjatda davomiyligi besh daqiqa deb ko‘rsatilgan yana 10 ta reklama roligi.

Har bir rejalashtirilgan video uchun kamida uchta ssenariy varianti taqdim etilishi kerak. Roliklar o‘zbek tilida tayyorlanib, rus tiliga moslashtiriladi.

Aktyorlarga ham alohida talablar qo‘yilgan. Ular so‘nggi 6 oyda «Xalq banki»ga raqobatchi banklar reklamasida suratga tushmagan bo‘lishi kerak.

Shuningdek, aktyorlarning ijtimoiy tarmoqlarida bank obro‘siga salbiy ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan provokatsion, agressiv, soxta, firibgarlikka oid yoki siyosiy kontent bo‘lmasligi talab etiladi.

Har bir videorolikda kamida bitta xizmat ko‘rsatgan aktyor yoki aktrisa yoxud «Xalq artisti» unvoniga ega ijodkor qatnashishi ham shart qilib qo‘yilgan.

Tenderda kamida besh yillik tajribaga ega reklama agentliklariga ustunlik beriladi. Ishtirokchining shtatida kamida 10 nafar mutaxassis bo‘lishi kerak. Mahalliy va xalqaro reklama festivallarida mukofot olgan kompaniyalarga qo‘shimcha ball beriladi.

Hujjatlarda videolar soni bir-biriga mos kelmaydi

Texnik topshiriq jadvalida jami 36 ta rolik ishlab chiqilishi ko‘rsatilgan. Biroq hujjatning boshqa qismida bir yil davomida har oy kamida to‘rtta videorolik olinishi belgilangan. Bu talab bo‘yicha umumiy videolar soni kamida 48 ta bo‘lishi kerak.

Roliklar formati bo‘yicha talabda ham texnik nomuvofiqlik bor. Hujjatda videolar «4K (1920×1080) va vertikal 9:16» formatda tayyorlanishi qayd etilgan. Ammo 1920×1080 o‘lchami 4K emas, Full HD hisoblanadi va gorizontal 16:9 nisbatiga mos keladi. Vertikal 9:16 format uchun esa o‘lchamlar teskari joylashishi kerak.

Shunday qilib, «Xalq banki»ning uchta tenderi videoroliklarni ishlab chiqishdan tortib, ularni telekanallar va tashqi ekranlarda namoyish etishgacha bo‘lgan to‘liq reklama kampaniyasini qamrab oladi.

Uchchala tender ham shu yilning 31-iyul kunida yakunlanadi.

«Xalq banki» 2030-yilgacha xususiylashtirilishi mumkin

Ma’lumot uchun, «Xalq banki» O‘zbekistondagi eng yirik davlat banklaridan biri hisoblanadi. Bank hukumat uchun muhim ijtimoiy vazifalarni bajaradi. Jumladan, pensiya va nafaqa to‘lovlarini aholiga yetkazib berish kabi xizmatlar aynan shu bank orqali amalga oshiriladi.

2025-yilda «Xalq banki» O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi portfelida edi. Keyinchalik uning o‘rnini «SQB» egalladi va jamg‘arma IPOga chiqarildi.

Endi «Xalq banki»ning o‘zi ham xususiylashtirilishi mumkin. Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2027–2029-yillarga mo‘ljallangan Fiskal strategiyasida bank xususiylashtirilmaydigan davlat banklari qatoridan chiqarilgan. Bu uning 2030-yilgacha sotilishi mumkinligini anglatadi.

Teglar

Mavzuga oid