«Xalq banki»ning shu’ba mudiriga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Buxoro viloyati Romitan tumanida «Xalq banki» standart bank xizmatlari markazi shu’ba mudiri 800 mln so‘m kredit olib berishni va’da qilib, evazida pora talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda ikki hududda kredit va subsidiya ajratish bilan bog‘liq korrupsion holatlar fosh etildi. Gumonlanuvchilar pora talab qilgan vaqtida ushlangan.
Buxoro viloyatining Romitan tumanida AT «Xalq banki» standart bank xizmatlari markazi shu’ba mudiri 800 mln so‘m kredit olib berish evaziga 2 ming AQSH dollari talab qilgan. U pulning 1000 dollarini uchinchi shaxs orqali olgan paytda tezkor guruh tomonidan ushlandi.
Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi «v» bandi va 28,192 prim 9-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlangan.
Sirdaryodagi holat
Sirdaryo viloyatida tadbirkorlik subyektlariga mikroqarz berish bilan shug‘ullanuvchi MCHJning Guliston filiali menejeri imtiyozli uy-joy subsidiyasi ajratishda yordam berish evaziga 8 ming AQSH dollari talab qilgan.
U Oqoltin tumanida yashovchi fuqaroga subsidiya ajratish masalasida yordam va’da qilib, 96 mln so‘m olgan vaqtida DXX va IJQKD xodimlari tomonidan ushlandi.
Mazkur holat yuzasidan menejerga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi «a» bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Unga «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Har ikki holat bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.





