
Xalqaro pochta jo‘natmalarini bojxonadan o‘tkazish tartibi belgilandi
Jo‘natmalarni tashish, yuklash, tushirish va saqlash kabi yuk operatsiyalarini amalga oshirishda yuzaga keladigan xarajatlar pochta aloqasi operatori yoki ekspress tashuvchi hisobidan qoplanadi.
Hukumat qarori bilan «Xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalarini bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» Telegram kanalida ma’lum qilindi.
Nizomga ko‘ra, pochta va kurerlik jo‘natmalarida yuboriladigan hamda bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan tovarlar bojxona nazoratidan o‘tkazilishi kerak. Pochta aloqasi operatori va ekspress tashuvchi tomonidan pochta va kurerlik jo‘natmalari bojxona ko‘zdan kechiruvi hamda bojxona ko‘rigini o‘tkazish uchun bojxona organlariga taqdim etiladi.
Ushbu jo‘natmalar orqali olib kiriladigan va yuboriladigan tovarlar bojxona nazoratida tashish shartlariga rioya etgan holda manzil bojxona postiga yetkaziladi.
Nizomga ko‘ra, jo‘natmalarni tashish, yuklash (qayta yuklash), tushirish, saqlash va boshqa shu kabi yuk operatsiyalarini amalga oshirishda yuzaga keladigan xarajatlar pochta aloqasi operatori yoki ekspress tashuvchi hisobidan qoplanadi.
Pochta va kurerlik jo‘natmasi bojxona organlari tomonidan xavfni boshqarish tizimini qo‘llagan holda «qizil», «sariq» va «yashil» yo‘laklar orqali ro‘yxatga olingan jo‘natmalar deklaratsiyasi asosida bojxona nazoratidan o‘tkaziladi.





