
Xitoy Amerikaga qarshi choralar ko‘rish bilan tahdid soldi
13.10.2025 | 19:0546823
Pekin Vashingtonni Xitoy mahsulotlariga nisbatan savdo cheklovlarini joriy etishning «noto‘g‘ri amaliyoti»dan voz kechishga chaqirdi. XXR Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Lin Szyan shunday bayonot berganini Kommersant nashriyoti xabar qilmoqda.

«Alohida ta’kidlamoqchimanki, so‘nggi paytlarda AQSH Xitoyga nisbatan muntazam ravishda cheklovlar va sanksiyalar joriy etib, mamlakatimiz manfaatlariga jiddiy zarar yetkazmoqda. Agar Amerika tomoni bunday siyosatni davom ettirsa, Xitoy o‘zining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun qat’iy ravishda tegishli choralar ko‘radi», - dedi Szyan matbuot anjumanida.
9 oktyabr kuni Xitoy hukumati nodir yer metallarini qazib olish, eritish va ajratish, magnit materiallar ishlab chiqarish, shuningdek, ikkilamchi xom-ashyoni qayta ishlashda qo‘llaniladigan texnologiyalarni chet elga olib chiqishni nazorat qilish tizimi joriy etilganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, tegishli ishlab chiqarish liniyalarini o‘rnatish, sozlash, ularga xizmat ko‘rsatish va modernizatsiya qilishda foydalaniladigan texnologiyalar ham taqiqlangan ro‘yxatga kiritildi.
Ertasi kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Pekinning «g‘oyat tajovuzkor pozitsiyasi»ga javoban Xitoy tovarlariga bojxona to‘lovlarini 100 foizgacha oshirish va dasturiy ta’minot eksportiga cheklovlar kiritish to‘g‘risidagi qarorini e’lon qildi. U shu tarzda Xitoy hukumatining nodir yer elementlari bilan bog‘liq texnologiyalar eksportini cheklash qaroriga munosabat bildirdi.
Tramp Pekin siyosatini «axloqiy sharmandalik» deb atadi. Uning farmoyishiga ko‘ra, 100 foiz miqdoridagi yangi bojxona to‘lovlari 1 noyabrdan kuchga kiradi. Ushbu choralar amalga oshirilgan taqdirda, Xitoy tovarlariga nisbatan AQSH tariflarining umumiy yuki 130 foizga yetishi mumkin.





