
Xitoy: AQSH Osiyo mintaqasini «mina uyasi»ga aylantirmoqda
03.06.2025 | 20:3028773 daqiqa
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi AQSHni Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi barqarorlikni izdan chiqarayotganlikda aybladi. Bayonotda Vashington mintaqani «portlaydigan mina uyasi»ga aylantirmoqda, deb qayd etildi.

Xitoy AQSHni Osiyo-Tinch okeani mintaqasida keskinlikni kuchaytirish va tinchlikka tahdid solishda aybladi. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi 3 iyun kuni rasmiy saytida e’lon qilgan bayonotda ma’lum qilindi.
Bayonot AQSH mudofaa vaziri Pit Xegsetning Singapurdagi Shangri-La xavfsizlik forumidagi nutqiga javob sifatida berildi. Xitoy tomoniga ko‘ra, Vashington hududda o‘z geosiyosiy ustunligini saqlab qolish uchun «Hind-Tinch okeani» strategiyasini amalga oshirmoqda va Janubiy Xitoy dengizi atrofida hujumkor qurollar joylashtirmoqda.
Xitoy diplomatlari AQSHning bu harakatlarini hudud mamlakatlari o‘rtasida ishonchsizlik va tartibsizlikni kuchaytiruvchi omil sifatida baholagan. Mintaqadagi mamlakatlarda AQSHning harbiy faoliyati jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.
Shuningdek, Xitoy Qo‘shma Shtatlarni «Xitoy tahdidi nazariyasi»ni bo‘rttirib ko‘rsatish va qarama-qarshilikni sun’iy ravishda kuchaytirishda tanqid qildi. Bayonotda Vashington mintaqada osoyishtalikni buzmaslik, hurmat va hamkorlikka asoslangan yondashuvni qabul qilishga chaqirilgan.
Xitoy AQSHdan tinchlikka tahdid soluvchi siyosatlardan voz kechishni, hamkorlikni mustahkamlash va mintaqada barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan harakatlarni amalga oshirishni talab qilmoqda.





