
Xitoy iqtisodiyoti islohotlarga muhtoj — Reuters
Xitoy iqtisodiyotida o‘sish sur’atlari pasaymoqda, an’anaviy rag‘batlantirish choralari esa samaradorligini yo‘qota boshlagan.

Xitoy iqtisodiyoti 2025 yil noyabr oyida sezilarli zaiflashishni namoyon qildi. Reuters agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, sanoat ishlab chiqarishi o‘sishi so‘nggi 15 oydagi eng past darajaga tushdi, chakana savdo hajmi esa 2022 yil oxiridan beri eng yomon natijani qayd etdi.
Sanoat ishlab chiqarishi yillik hisobda 4,8 foizga o‘sdi. Bu oktabrdagi 4,9 foizlik ko‘rsatkichdan past va tahlilchilar kutgan natijalardan ham zaif bo‘ldi. Chakana savdo o‘sishi esa keskin sekinlashib, bor-yo‘g‘i 1,3 foizni tashkil qildi. Bir oy avval bu ko‘rsatkich 2,9 foiz edi.
Iqtisodchilar ushbu pasayishni bir necha omillar bilan bog‘lamoqda. Avvalo, iste’molchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan subsidiya dasturlarining ta’siri so‘na boshladi. Shu bilan birga, ko‘chmas mulk bozoridagi uzoq davom etayotgan inqiroz va aholi daromadlarining sust o‘sishi ichki talabni cheklamoqda.
Ichki iste’mol zaiflashib borayotgan sharoitda rasmiy Pekin eksportga tayanishni kuchaytirmoqda. Biroq bu strategiya ham barqaror emas. Xitoyning rekord darajadagi tashqi savdo profitsitiga javoban qator davlatlar proteksionistik choralarni kuchaytirmoqda. Xususan, Fransiya va Meksika Xitoy mahsulotlariga nisbatan yangi tariflar joriy etish ehtimolini ochiq bildirgan.
Qo‘shimcha bosim manbai sifatida ko‘chmas mulk sektoridagi chuqur inqiroz qolmoqda. Yanvar–noyabr oylarida sohaga investitsiyalar qariyb 16 foizga qisqardi, yangi uy-joy narxlari esa pasayishda davom etdi. Yirik developerlar, jumladan China Vanke, qarz majburiyatlari bo‘yicha defoltdan qochishga urinayotgani qayd etilmoqda. Xalqaro valuta jamg‘armasi hisob-kitoblariga ko‘ra, sohani barqarorlashtirish Xitoy iqtisodiyoti uchun YAIMning taxminan 5 foiziga teng xarajat talab qilishi mumkin.
Mutaxassislar fikricha, an’anaviy iqtisodiy rag‘batlantirish choralari endi yetarli emas. Ichki iste’molni tiklash, aholi ishonchini oshirish va investitsiya hamda eksportga yuqori qaramlikni kamaytirishga qaratilgan chuqur struktur islohotlar zarur.
Rasmiylar 5 foiz atrofida o‘sishni saqlab qolish niyatida ekanini bildirgan bo‘lsa-da, tahlilchilar 2026 yilda iqtisodiy zaiflik saqlanib qolishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.





