
Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi savdo hajmi rekord darajaga yetdi
2025 yil yakunlariga ko‘ra, elektrotexnika va mashinasozlik eksporti drayverga aylangan.

2025 yilda Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi tovar aylanmasi 106,3 milliard dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich yillik hisobda 12 foizga o‘sgan bo‘lib, so‘nggi besh yil davomida ijobiy dinamika uzluksiz saqlanib kelayotganini ko‘rsatadi. Bu haqda Xitoy Xalq Respublikasi Savdo vazirligiga tayanib, «Sinxua» xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur natija tarixda ilk bor Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi savdo hajmi 100 milliard dollardan oshganini anglatadi. Shuningdek, 2025 yilda Xitoy Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun eng yirik savdo hamkoriga aylangan.
Eksport hajmi yuqori texnologiyalar hisobiga o‘sdi
Qayd etilishicha, o‘tgan yil davomida Xitoyning Markaziy Osiyoga eksporti 71,2 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatab 11 foizga o‘sgan. Eksport hajmining ortishiga asosan elektrotexnika, mashinasozlik hamda yuqori texnologiyali mahsulotlar yetkazib berishning ko‘payishi turtki bo‘lgan. Markaziy Osiyodan Xitoyga import esa 35,1 milliard dollarni tashkil etib, 14 foizga o‘sgan.
Elektron tijorat va logistikada o‘sish
Shu bilan birga, chegaralararo elektron tijorat sohasida ham yuqori sur’atda o‘sish kuzatilgan. Ombor va logistika infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, transchegaraviy to‘lov tizimlari bo‘yicha hamkorlik faol ravishda kengaygan.
Xitoy Savdo vazirligi kelgusida savdo tuzilmasini yanada optimallashtirish, yangi biznes shakllarini rivojlantirish va yuqori darajadagi institutsional mexanizmlarni yaratishni qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan.





