
Xitoy yadroviy arsenalni oshirmoqda
20.08.2025 | 23:0030324
Xitoy raisi Si Jinping armiyaga 2027 yilga qadar Tayvanni bosib olishga tayyor bo‘lish topshirig‘ini bergan.

Xitoy o‘zining yadroviy kuchlari soni va imkoniyatlarini oshirishda davom etmoqda. Bu haqda «Reuters» AQSH harbiy mutaxassislari va qurollanish ustidan nazorat ekspertlariga tayanib, xabar berdi.
AQSH Qurolli kuchlari Strategik qo‘mondonligi (STRATCOM) rahbari general Entoni Kotton mart oyida Kongressda so‘zlab, Xitoy raisi Si Jinping armiyaga 2027 yilga qadar Tayvanni bosib olishga tayyor bo‘lish topshirig‘ini berganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, shu munosabat bilan Pekin yerdan, havodan va dengizdan uchirilishi mumkin bo‘lgan yadroviy zaryadlar ishlab chiqarishni kuchaytirmoqda.
Chikagoda chiqadigan «Atom olimlari byulleteni» ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy o‘z arsenalini har qanday boshqa yadroviy davlatga nisbatan tezroq kengaytirib va modernizatsiya qilib bormoqda. Hozirda mamlakat ixtiyorida taxminan 600 ta yadroviy zaryad mavjud. Pentagon hisobicha, 2027 yilga kelib ular soni 1000 tadan oshib ketishi mumkin.
Stokgolmdagi Xalqaro tinchlik muammolarini tadqiq etish instituti (SIPRI) bahosiga ko‘ra, 2025 yil yanvar holatiga dunyoda 12 241 ta yadroviy boyegolovka mavjud. Ulardan eng katta qismi Rossiya (4309) va AQSH (3700) ixtiyorida. Institut ekspertlari ham Xitoy zaxiralari o‘sib borayotgani haqida AQSH bahosini tasdiqladi.
Xitoy esa yadroviy sohada «o‘zini himoya qilish strategiyasi»ga amal qilishini, yadroviy qurolni birinchi bo‘lib ishlatmasligini va unga ega bo‘lmagan davlatlarga qarshi qo‘llamasligini ta’kidlab keladi. Mamlakat Mudofaa vazirligi «yadroviy urushda g‘olib chiqish mumkin emas»ligini urg‘ulamoqda.
Shuningdek, Pentagonning hisobotida ta’kidlanishicha, Pekinning amaliy strategiyasi zarurat tug‘ilganda yadroviy qurolni birinchi bo‘lib ishlatish imkoniyatini nazarda tutadi. AQSH hujjatlariga ko‘ra, Xitoy Tayvandagi kuchlariga «jiddiy tahdid» yuzaga kelganda ham yadroviy qurolni birinchi bo‘lib qo‘llash imkoniyatini ko‘rib chiqishi mumkin.





