Xitoyda oilasi xorijda yashaydigan amaldorlar lavozimi pasaytirilmoqda

19.02.2026 | 11:552 daqiqa

Korrupsiya xavfini kamaytirish maqsadida farzandlari xorijda yashayotgan amaldorlar pastroq lavozimlarga o‘tkazilmoqda.

Xitoyda oilasi xorijda yashaydigan amaldorlar lavozimi pasaytirilmoqda

Xitoy hukumati korrupsiyaga qarshi kurash doirasida oila a’zolari xorijda istiqomat qiladigan amaldorlar ustidan nazoratni keskin kuchaytirdi. «South China Morning Post» ma’lumotiga tayanib, bu haqda «RIA Novosti» xabar berdi. Yangi tartib davlat idoralari va yirik kompaniyalardagi yuqori lavozimli rahbarlarni qamrab olgan.

2025 yil boshidan buyon keng ko‘lamli taftishlar o‘tkazilmoqda. Ilgari tekshiruvlar asosan turmush o‘rtog‘i va farzandlari chet elda yashayotgan amaldorlarni aniqlashga qaratilgan edi. Endi esa turmush o‘rtog‘i mamlakat ichida bo‘lib, farzandlari xorijda yashayotgan xizmatchilar ham doimiy nazoratga olinmoqda.

Manbalarga ko‘ra, bunday shaxslar o‘zlari haqida muntazam ravishda eng so‘nggi va dolzarb ma’lumotlarni taqdim etishi shart. Kommunistik partiyadagi manba bu choralar profilaktik tusga ega ekanini ta’kidlagan.

Lavozimi tushayotgan amaldorlar

Kadrlar siyosati doirasida partiyaning tashkiliy bo‘limi ayrim amaldorlarni «kamroq ahamiyatga ega lavozimlar»ga o‘tkazmoqda. Bu ularning jinoyat sodir etganini anglatmaydi, balki ehtimoliy korrupsiya xavfini kamaytirishga qaratilgan ehtiyot chorasi sifatida baholanmoqda.

Mazkur qaror Xitoy rahbari Si Jinping boshchiligida olib borilayotgan keng qamrovli antikorrupsiya kampaniyasining bir qismi hisoblanadi. Davlat idoralari, biznes va qurolli kuchlarni qamrab olgan ushbu siyosat doirasida prezident korrupsiyani mamlakat taraqqiyotiga to‘sqinlik qilayotgan «yo‘lbars»ga qiyoslab, poraga qarshi murosasiz kurash davom etishini bildirgan. U korrupsiyaga aloqador shaxslar uchun xavfsiz boshpana qolmasligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov imzolagan «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq davlat amaldorlariga xorijiy banklarda hisob raqam ochish hamda ularga egalik qilish taqiqlangan edi.

Teglar

Mavzuga oid