
Xitoydan AQSHga smartfon eksporti 2011 yildan buyon eng quyi darajaga tushdi
21.05.2025 | 08:4542453
AQSH va Xitoy o‘rtasidagi tariflar muammosi ortidan aprel oyida Xitoydan AQSHga smartfonlar eksporti 72 foizga qisqardi. Bu ko‘rsatkich 2011 yildan beri kuzatilgan eng past daraja bo‘ldi.

Xitoy Bosh bojxona boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, smartfon eksporti 700 mln dollardan kam bo‘lgan. Mutaxassislar bu holatni Vashingtonning boj siyosati orqali texnologik yetkazib berish zanjirlariga aralashuvi deb baholamoqda.
Umuman, aprel oyida Xitoyning AQSHga jami eksporti 21 foizga kamaygan. Ayni paytda, 14 maydan boshlab ikki davlat o‘zaro tariflarni 90 kunga tushirishga kelishdi. AQSH bojlarni 30 foizga, Xitoy esa 10 foizgacha pasaytirdi. Bungacha tariflar mos ravishda 145 foiz va 125 foiz bo‘lgan.
Biroq, bu vaqtinchalik kelishuvga qaramay, ikki tomonlama qarama-qarshilik saqlanib qolmoqda. Xitoy AQSH savdo vazirligining Huawei SI-chiplariga oid bayonotini Jeneva muzokaralarini buzish sifatida baholadi.
Sarmoyadorlar AQSH va Xitoy o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo hajmi 2024 yilda 690 mlrd dollarni tashkil etganini, ammo yaqinda u pasayishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Bu esa sanoatga zarar yetkazib, iste’molchilar uchun narxlar o‘sishiga olib kelishi mumkin.
Smartfonlar, noutbuklar va litiy-ionli akkumulyatorlar o‘tgan yili AQSHning Xitoydan eng ko‘p olib kirilgan mahsulotlari qatorida bo‘lgan.





