
Xitoyliklar bir oyda O‘zbekistonda 170 ta yangi kompaniya ochdi
13.09.2025 | 21:0018743
O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy shirkatlar soni keskin ortdi. Xitoy singari davlatlar yetakchilikni mustahkamlamoqda, Afg‘oniston esa beshlikka kirib oldi.

2025 yil 1 sentyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 16 ming 946 ta xorijiy sarmoyadorlar ishtirokidagi kompaniyalar faoliyat yuritmoqda. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi ma’lum qildi. Joriy yil avgust oyida bunday kompaniyalar soni 337 taga (+2 foiz) oshgan.
Ularning 4144 tasi qo‘shma korxona, 12 ming 802 tasi esa to‘liq xorijiy sarmoya ishtirokidagi kompaniyalardir. Avgust oyida 50 ta yangi qo‘shma korxona va 287 ta yangi xorijiy kompaniya tashkil etilgan. Bu dinamika xorijiy sarmoyadorlar O‘zbekistonga qiziqishi kuchayib borayotganini ko‘rsatadi.
Xitoy kompaniyalari mutlaq yetakchi hisoblanadi — O‘zbekistonda bir oyda xitoyliklar ishtirokida 170 ta yangi shirkat tashkil etildi va ularning umumiy soni 4420 taga yetdi. Ularning 681 tasi qo‘shma korxona. Rossiya 3141 kompaniya bilan ikkinchi o‘rinda, shu jumladan, ularning 901 tasi qo‘shma korxona. Turkiya (2025 kompaniya), Qozog‘iston (1151) va Afg‘oniston (682) beshlikni yakunlaydi.
Janubiy Koreya 628 kompaniya bilan oltinchi o‘ringa tushib qoldi. AQSH, BAA, Hindiston va Tojikiston ham yirik sarmoyadorlar qatorida. Xususan, AQSH ishtirokidagi kompaniyalar soni 340 taga yetdi. Faoliyat sohalari bo‘yicha esa savdo (6000 dan ortiq kompaniya), sanoat (3500) va qurilish (1282) yetakchilik qilmoqda.
Toshkent shahri esa kompaniyalar uchun asosiy markaz hisoblanadi — bu yerda 10,8 ming xorijiy shirkat joylashgan. Toshkent, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari ham yuqori ko‘rsatkichlarga ega. IT va aloqa sohasidagi 1239 ta kompaniya — mamlakatda raqamli iqtisodiyotga qiziqish kuchayganini ko‘rsatmoqda.





