add

Xorijdagi o‘zbeklar Vatanga pul jo‘natish rekordini yangiladi

2025 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga kelib tushgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari 8,2 mlrd dollarni tashkil etdi, bu 2024 yilning mos davriga nisbatan 27 foizga ko‘p. Bu haqda Markaziy bank e’lon qilgan sharhda keltirilgan.

Xorijdagi o‘zbeklar Vatanga pul jo‘natish rekordini yangiladi
Qayd etilishicha, mablag‘larning 78 foizi Rossiyadan (6,4 mlrd doll) kelib tushgan bo‘lib, qolgan qismi Qozog‘iston, AQSH, Janubiy Koreya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Qirg‘iziston, Litva hamda boshqa mamlakatlar hissaciga to‘g‘ri keldi. «2025 yilning I yarim yilligida O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari hajmining o‘sishiga mehnat muhojirlari ishlaydigan an’anaviy mamlakatlarda ishchi kuchiga talab va ish haqlarining nisbatan yuqori darajada saqlanib qolishi bilan bir qatorda, milliy valyuta kurslarining mustahkamlanishi ta’sir qildi», - deyiladi sharhda. So‘nggi yillarda tashqi mehnat migratsiyasi jadal diversifikatsiya qilinayotgani pul jo‘natmalari geografiyasida ham aks etmoqda. Transfertlar hajmi Buyuk Britaniyadan 2 barobar, Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan 41 foizga (Irlandiya 2,8 barobar, Litva 79 foiz, Niderlandiya 44 foiz, Polsha 20 foiz) hamda AQSHdan 15 foizga oshdi. Chet eldan P2P orqali pul jo‘natish tobora ommalashmoqda. Ushbu davrda jismoniy shaxslarga kelib tushgan mablag‘larning 4,3 mlrd dollari (53 foizi) an’anaviy xalqaro pul o‘tkazma tizimlari orqali (o‘sish 22 foiz), 3,6 mlrd dollari (44 foizi) xorijdan jismoniy shaxslarning bank kartalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri – P2P o‘tkazmalar orqali (o‘sish 40 foiz) hamda 251 mln dollari (3 foizi) bank o‘tkazmasi – SWIFT orqali (kamayish 22 foiz) amalga oshirilgan. 2025 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistondan chet elga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi o‘tgan yil darajasida saqlanib qolib, 1,2 mlrd dollarni tashkil qildi.

Teglar

Mavzuga oid