Xormuz bo‘g‘ozi yopildi: Dunyo yangi «energetik shok» ostonasida turibdi
Trampning Eronga zarba berish tahdidi ortidan oltin va neft keskin qimmatlashdi.
© SI asosida yaratilganAQSH va Eron o‘rtasidagi keskinlikning ortishi bozorlarda sarosima keltirib chiqardi hamda neft va oltin narxining keskin ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. Bu haqda «CNN» telekanali xabar bermoqda.
19-fevral kuni neft narxi so‘nggi yetti oy ichidagi eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi, oltin esa yana bir bor troya unsiyasi uchun 5 000 dollarlik dovondan oshib o‘tdi.
«Brent» navidagi neft 1,86 foizga qimmatlashib, bir barreli uchun 71,66 dollarni tashkil etdi. Amerikaning «WTI» nefti esa 1,9 foizga o‘sib, 66,43 dollarga yetdi. Bir kun avval kotirovkalar 4 foizdan ko‘proqqa o‘sib, oktabr oyidan buyon eng kuchli sutkalik sakrashni qayd etgan edi. Investorlar «xavfsiz aktivlarni» faol sotib olishga kirishgan. Oltin bir kecha-kunduzda 2 foizga, so‘ngra yana 0,2 foizga qimmatlashdi.
Jeneva muzokaralari samara bermadi
Vashington va Tehron 18-19-fevral kunlari Jenevada Eron yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi. Biroq uchrashuv natijasiz yakunlandi. AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vensning ta’kidlashicha, Eron tomoni Donald Tramp belgilagan «qizil chiziqlar»ning bir qismini tan olmagan.
Shu bilan bir vaqtda, AQSH Eron chegaralari yaqiniga harbiy kuchlarini tashladi. «The Wall Street Journal» (WSJ) nashrining baholashicha, mintaqada AQSH aviatsiyasining bunchalik ko‘p to‘planishi 2003 yildagi Iroqqa bosqindan buyon kuzatilmagan.
Qayd etilishicha, Treyderlar Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda. Ushbu tor dengiz yo‘lagi orqali har kuni taxminan 20 million barrel neft tashiladi, bu esa jahon iste’molining qariyb beshdan bir qismini tashkil etadi. Dengizda suzish xavfsizligiga bo‘lgan har qanday tahdid narxlarning keskin sakrashiga sabab bo‘lishi mumkin. Eron ommaviy axborot vositalari Tehron harbiy-dengiz mashg‘ulotlari o‘tkazish sababi bilan bo‘g‘ozni qisman yopgani haqida xabar tarqatishi ortidan xavotir yanada kuchaydi.
Bozorlar va inflatsiya xavfi
Tahlilchilarga ko‘ra, bozor allaqachon geosiyosiy xavf uchun qo‘shimcha ustamani narxlarga kirita boshlagan.
Eronning eksport imkoniyatlari cheklanishi ehtimoli neft narxini yanada yuqoriga olib chiqishi mumkin. Bu esa ko‘plab mamlakatlarda inflatsiya bosimini kuchaytirib, markaziy banklar rejalashtirayotgan foiz stavkalarini pasaytirish jarayonini murakkablashtirishi ehtimoldan xoli emas.
Amerika fond indekslari ham vaziyatga pasayish bilan javob qaytardi. Dow Jones 0,54 foizga, S&P 500 — 0,28 foizga, Nasdaq esa 0,31 foizga pasaydi.
Investorlar Eronga berilishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy zarbalar yangi energetik shok va global iqtisodiy beqarorlikka sabab bo‘lishidan xavotir bildirmoqda.





