
Yangi avtomobillar narxi nega oshib bormoqda?
27.05.2025 | 18:2037983
O‘zbekistonda yangi avtomobillar narxining oshishi bir qancha omillar bilan izohlanmoqda. 2024 yilda mamlakatda avtomobil ishlab chiqarish hajmi 399,2 mingtaga yetdi — bu o‘tgan yilga nisbatan atigi 0,9% ko‘p. Markaziy bank xabariga ko‘ra, avvalgi ikki yilda kuzatilgan jadal o‘sish sur’ati sezilarli darajada sekinlashgan.

Import hajmi esa 2023 yilga nisbatan 7,1% ga kamaydi. Ayniqsa, 2024 yilning birinchi choragida import uch barobarga qisqargan. Elektromobillar importidagi keskin pasayish ham shu qatorida, bu — ularni olib kirish qoidalarining qat’iylashgani bilan bog‘liq.
Bu salbiy dinamika ikkinchi qo‘l bozoriga ham ta’sir qildi: avtomobil oldi-sotdisi bo‘yicha bitimlar soni 32,9% ga kamaydi. Eng ko‘p taklif hali ham Toshkent shahri va Toshkent viloyatida qayd etilmoqda. Bunday holat talab va aholi xarid qobiliyatining pasayishi, shuningdek, mavsumiy omillar bilan bog‘lanmoqda.
2023 yil mart oyidan boshlab yangi avtomobillar narxi ham milliy, ham xorijiy valyutada pasaygan bo‘lsa-da, keyingi paytda so‘mda narxlar yana o‘sishga yuz tutdi. 2025 yildan boshlab esa narxlar barqaror o‘sish tendensiyasini ko‘rsata boshladi.
2024 yil mart oyida yangi avtomobillar narxi ikkinchi bozorda so‘mda 4,7%, dollarda esa 1,6% ga oshgan. Bu talab yuqoriligi va import hajmining pasayishi bilan izohlanmoqda.
Bundan tashqari, avtomobil xaridida fuqarolar sifat, kafolatli xizmat, yoqilg‘i tejamkorligi va zamonaviy texnologiyalarga e’tibor berishmoqda. Yangi avtomobillar uchun mo‘ljallangan kredit va lizing dasturlari ham bu segmentda talabni oshirayotgan muhim omillardan biri hisoblanadi.





