Yangi Harbiy prokuror ilk bor mudofaa va xavfsizlik idoralari rahbarlari bilan yig‘ilish o‘tkazdi
Yangi tayinlangan Harbiy prokuror Qahramon Isroilov raisligida Qurolli kuchlar vazirlik va idoralarining muvofiqlashtiruvchi kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda qonuniylikni mustahkamlash, korrupsiyaga qarshi kurash va kiberxavfsizlik masalalari muhokama qilindi.
© Bosh prokuratura1-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari — Harbiy prokuror Qahramon Isroilov raisligida Qurolli kuchlar vazirlik va idoralarining muvofiqlashtiruvchi kengashi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Videokonferensaloqa shaklida o‘tgan yig‘ilishda mudofaa vaziri Shuhrat Xalmuxamedov, favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Ikramov, Milliy gvardiya qo‘mondoni Bahodir Tashmatov, shuningdek, IIV Qorovul qo‘shinlari, DXX Chegara qo‘shinlari, Qurolli kuchlar tizimidagi harbiy okruglar, qo‘shilmalar, harbiy qismlar, muassasalar, doimiy nazorat-tekshiruv organlari hamda harbiy huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlari ishtirok etdi.
Qonuniylik va korrupsiyaga qarshi kurash muhokama qilindi
Yig‘ilishda joriy yilning o‘tgan davrida qo‘shinlarda qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, Prezident — Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni tomonidan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan topshiriqlar ijrosi doirasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijalari muhokama qilindi.
Kiberxavfsizlik va harbiylarning ijtimoiy himoyasiga e’tibor qaratildi
Yig‘ilishda harbiy sohani raqamlashtirish, kiberxavfsizlikni ta’minlash, harbiy xizmatchilarning huquqlari, ularning oila a’zolarini ish bilan ta’minlash va ijtimoiy himoya qilish, salomatligini muhofaza etish hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Muhokamalar yakunida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Qahramon Isroilov yaqinda Harbiy prokuror etib tayinlangan edi
Eslatib o‘tamiz, Prezident farmoni bilan Qahramon Isroilov O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari — Harbiy prokuror lavozimiga tayinlangan edi.
U ushbu lavozimda 2025 yil may oyidan buyon ishlab kelgan Otabek Xolboyev o‘rnini egalladi. Tayinlovga qadar Qahramon Isroilov Harbiy prokurorning birinchi o‘rinbosari, undan avval esa Navoiy harbiy prokurori lavozimida faoliyat yuritgan.





