
Yangi Toshkent: yangi ma’muriy va ilg‘or shahar loyihasi qanday?
14.06.2025 | 09:2047584
Yaqin 8–10 yil ichida Toshkent yonidagi 6 ming ha yerda quriladigan Yangi Toshkent loyihasi ma’muriy markaz, universitetlar, zamonaviy yo‘llar va metrosi bilan ko‘p funksiyali, yashash va ishlash uchun qulay shaharga aylanishi kutilmoqda.

Bu shaharning birinchi bosqichi 6 ming gektarni qamrab olib, unda ma’muriy va madaniy markazlar, mahallalar, biznes hududlar, transport va muhandislik infratuzilmalari quriladi. Bosh arxitektor Saidazim Sharipovning Kun.uzʼga ta’kidlashicha, faqat ma’muriy markazning o‘zi 140 gektarni tashkil qiladi. Bu yerda davlat xizmatchilari uchun uylar ham quriladi.
Ayni paytda Energetika vazirligi yangi shaharda vaqtinchalik binolarga ko‘chib o‘tgan. Qurilish, Transport va Suv xo‘jaligi vazirliklari yagona binoda joylashtiriladi. Vaqti kelib, respublika darajasidagi tashkilotlar Yangi Toshkentga to‘liq ko‘chirilishi, hozirgi binolar esa sotilishi rejalashtirilgan.
Birinchi bosqichda kamida to‘rtta oliy ta’lim muassasasi — Nizomiy pedagogika universiteti, Yangi O‘zbekiston, Vebster va Yuridik universitetlari yangi kampuslarda faoliyat boshlaydi. Kampuslar talabalar turar joylari bilan birga qurilmoqda.
Shaharning transport tizimida ustuvorlik jamoat transporti va piyodalarga beriladi. Metro liniyasi yer ostida qurilib, yangi shaharni «Do‘stlik» bekatiga bog‘laydi. Shuningdek, tramvay tarmog‘i va transport markazi ham barpo etiladi. Avtomobil harakati uchun yo‘llar cheklangan bo‘lib, bir tomonda uchtadan ortiq polosa bo‘lmaydi.
Arxitektorlarning ma’lum qilishicha, yangi shahar hududining kamida 30 foizi yashillikka ajratiladi. Energiya ta’minoti elektrga asoslanadi, gazdan foydalanilmaydi. Sovitish tizimi sifatida esa muzdek suv orqali markazlashgan usul joriy etiladi.
Bu loyiha mamlakatdagi eng yirik shaharsozlik tashabbuslaridan biri bo‘lib, davlat xizmatlari, ta’lim, transport va yashash sharoitlarini ilg‘or talablar asosida qayta shakllantiradi.





